Karantin choralarini yumshatish Samarqand va Qashqadaryoda qanday natija berdi?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kecha, 13 may kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida karantin choralarini yumshatish, iqtisodiyot korxonalarini qayta tiklash borasidagi ishlar bu safar Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari misolida ko‘rib chiqildi.

Mazkur ikki viloyatda mamlakat aholisining qariyb 20 foizi istiqomat qiladi, sanoat mahsulotlarining 11 foizi ishlab chiqariladi.

So‘nggi ikki haftada karantin talablari yumshatilishi natijasida Qashqadaryo viloyatida 90 foiz, Samarqand viloyatida 60 foiz korxonalar o‘z faoliyatini tikladi. Lekin aholini daromad bilan ta’minlash uchun bu yetarli emas.

Kambag‘al oilalar soni Qashqadaryoda 91 mingta, Samarqandda esa 48 mingtani tashkil etadi. Bu viloyatlarning har birida yuz mingdan ortiq ishsizlar bor.

Prezident Mirziyoyev qiyinchilikka duch kelayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ish bilan ta’minlash hudud rahbarlarining eng ustuvor vazifasi bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

Qashqadaryo viloyatida sanoat ishlab chiqarish hajmining 75 foizi respublikaga bo‘ysunadigan korxonalarga to‘g‘ri keladi. Kasbi, Qamashi, Mirishkor, Nishon va Chiroqchi tumanlarida sanoat deyarli yo‘q.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga viloyat hokimligi bilan birgalikda mazkur tumanlarda sanoatni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Viloyatda yetishtiriladigan paxta tolasining atigi 42 foizi qayta ishlanishi qayd etilib, yangi tikuv-trikotaj korxonalari tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, oltingugurt, marganets, ferro-silitsiy, gips, dolomit va boshqa xomashyo zaxiralaridan talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bugungi kunda Samarqand shahri aholisi 600 mingdan oshdi. Hozirgi uy-joy salohiyati va infratuzilma ehtiyojni qondira olmaydi. Shu bois shaharni Pastdarg‘om, Nurobod, Samarqand tumanlari tomon kengaytirish, yangi mavzelar, “yo‘ldosh shaharlar” barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu yo‘nalish viloyat uchun yana bir o‘sish nuqtasi bo‘ladi, minglab ish o‘rinlari yaratiladi.

Samarqand viloyatida 120 ta noruda konlar mavjud bo‘lib, ulardan 33 tasi sanoat yo‘li bilan o‘zlashtirishga jalb qilinmagan. Misol uchun, 5,1 million kub metr keramzit va pardozbop toshlar, 200 ming tonna ferro-silitsiyni sanoat usulida qayta ishlash imkoniyati bor.

Mutasaddilarga mavjud konlarning muhandislik infratuzilma ta’minotini o‘rganib, zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Sanoati orqada bo‘lgan tumanlarni rivojlantirish, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining Nurobod tumanidagi qismini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Viloyatdagi to‘qimachilik korxonalari 37 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega. Lekin hozirda ularning atigi 48 foizidan foydalanilmoqda, xolos.

Shu bois, to‘qimachilik sanoati quvvatlarining ishlash darajasini oshirish, viloyatdagi 2 ta paxta-to‘qimachilik klasterida yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘tgan yig‘ilishdagi topshiriqqa muvofiq, Samarqand viloyatida hunarmandchilikning muayyan yo‘nalishlariga ixtisoslashgan 217 ta eski qishloq tarixi, mahalliy aholining azaldan shakllangan ko‘nikmalari va “o‘sish nuqtalari” o‘rganildi. Bu tajribani boshqa hududlarda ham boshlab, aholi bandligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlaridagi 1 ming 200 gektar lalmi va yaylov yerlarni Kattaqo‘rg‘on shahri aholisiga foydalanishga berib, 5 ming kishini ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo viloyati Samarqand viloyati Karantin

Baholaganlar

258

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing