Kapitoliyga hujum qilgan Tramp tarafdori 20 yilga qamaldi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari sudi 2021 yil 6 yanvar kuni Vashingtondagi Kapitoliy binosiga bostirib kirishda ayblangan sudlanuvchini 20 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda “Thye Guardian” nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ayblanuvchi 37 yoshli Devid Dempsi uchun chiqarilgan bu hukm o‘sha kungi tartibsizliklar bo‘yicha e’lon qilingan eng uzun hukm bo‘lgan. Prokurorlar uni Donald Tramp tarafdorlari to‘dasining eng zo‘ravon a’zolaridan biri sifatida ta’riflagan.

Tramp tarafdorlari qonunchilar Jo Baydenning 2020 yilgi prezidentlik saylovidagi g‘alabasini tasdiqlash uchun yig‘ilishganida Kapitoliyga hujum qilgan.

Dempsining sudda ta’kidlashicha, u politsiyaga qo‘li, oyog‘i, bayroq tayoqchalari, mebel bo‘laklari va qo‘liga tushgan narsalar yordamida hujum qilgan. Dempsi politsiya xodimlariga xavfli qurollar bilan hujum qilganlikda aybdor deb topilgan va 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Prokurorlar uni juda yomon zo‘ravonlardan biri deb aytgan va dastlab 22 yil qamoq jazosi so‘ragan. Dempsi tan jarohati yetkazgan politsiyachilardan sudda kechirim so‘rab, qilmishidan afsusdaligini aytgan.

"Siz o‘z vazifangizni bajardingiz, men esa dushmanlik va zo‘ravonlik bilan javob berdim", deydi Devid Dempsi politsiyachilarga.

Kapitoliyga bostirib kirishda tergovga oid eng og‘ir jazo Proud Boys tashkilotining sobiq rahbari Enrike Tarrioga tegishli bo‘lib, Vashington sudi uni fitnada aybdor deb topgan va 22 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

Ma’lumot uchun, prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lgan Donald Tramp tarafdorlari 2021 yil 6 yanvar kuni ovoz berish natijalarini tasdiqlash vaqtida Kongress binosi oldida g‘alayon ko‘tardi. Namoyishchilar binoga bostirib kirishdi, kongressdagi muhokamalar bir necha soatga to‘xtatildi va qonunchilar evakuatsiya qilindi. Politsiya hujum ishtirokchilariga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan, Milliy gvardiya Vashingtonga yetib kelgan.

Norozilik paytida besh kishi halok bo‘ldi, 50 ga yaqin kishi hibsga olindi, ularning ba’zilariga ayblov e’lon qilindi. Hujumning yuzlab ishtirokchilari allaqachon turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilingan. Tergovning fikricha, namoyishning asosiy ishtirokchilari Proud Boys va Oath Keepers tashkilotlari bo‘lgan.

Kapitoliyga bostirib kirish ishida jami 1230 dan ortiq odam ishtirok etmoqda, ular orasida Donald Tramp ham bor. AQSHning sobiq prezidenti 2020 yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinishda ayblanmoqda. 2023 yil dekabr oyi boshida sud sobiq prezidentning daxlsizlik huquqiga ega emasligi va Kapitoliyga bostirib kirishdagi roli uchun Fuqarolik da’volari sudida sudlanishi kerakligi haqida qaror chiqardi.

Zumrad Zaripova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Amerika Qo'shma Shtatlari Kapitoliy Trapm

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing