Kannavaro Turg‘unboyev va Eshmurodovni ham MTJ yig‘iniga chaqirdi
Sport
−
08 Oktabr 2025 6282 2 daqiqa
Ertaga, 9 oktyabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Quvayt terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Mazkur o‘yin oldidan MTJ bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Fabio Kannavro matbuot anjumanida har bir uchrashuv qiyin bo‘lishini, shu sabab doimo futbolchilarga hattoki o‘rtoqlik uchrashuvlariga maksimal tayyorgarlik ko‘rish kerakligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u yig‘inga chaqirilgan futbolchilar haqida ham fikr bildirdi.
“Bu futbolchilar men tomonimdan chaqirilmagan bo‘lsa-da, hozirda eng yaxshi holatdagi o‘yinchilar shu yerda”, deydi murabbiy.
Kannavaro yig‘inga jalb etilgan ikki futbolchi uning taklifi ekanligini yashirmadi.
“Barcha uchrashuvlarni ko‘rib chiqdim va Turg‘unboyev va Eshmurodovni tarkibga chaqirish kerakligini aytdim. Terma jamoa har bir futbolchilar orzusi. Afsuski, tarkibda ikki nafar futbolchimiz ham jarohat oldi”, deydi u.
Terma jamoa murabbiyi taktik uslublar haqida gapirar ekan uch markaziy himoyachi bilan o‘ynash himoyaviy ko‘rinsa-da, aslida hujum boshlashda tezkorlikka erishishga imkon berishini aytib o‘tdi.
“Timur Kapadze bilan birgalikda ish olib boryapmiz, o‘yin falsafalarimiz o‘xshash. U o‘zbek futboli ulkan tajribaga ega. Menda mahalliy mutaxassis bilan ishlash borasida hech qanday muammo yo‘q. Balki shtabga yana boshqa mahalliy mutaxassislarni ham jalb etishimiz mumkin”, deydi Kannavaro.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Quvayt terma jamoalari uchrashuvi Toshkentdagi “Olimpiya” stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv 18:00 boshlanadi.
Live
Barchasi