O‘zbek futboli tarixidagi eng og‘ir va qiziq 90 daqiqa
Sport
−
23 iyun 3400 7 daqiqa
O‘zbekistonliklar Ronalduga qarshi maydonga chiqadi. Zo‘r-a? Bir necha yil oldin shunday bo‘ladi desa, juda ko‘pchilik ishonmasligi aniq edi. Bugun soat 22:00 da o‘zbek futboli tarixidagi eng og‘ir va eng qiziqarli 90 daqiqa boshlanadi. Portugaliya matbuoti o‘z terma jamosini qattiq tanqid qilyapti, dunyo mediasi esa Kannavaro taktikasi oldida Ronaldu qiynalib qolishi mumkinligini aytyapti. O‘zbekiston guruhdan chiqa oladimi? Barchasini daqiqalar davomida tahlil qilamiz.
1-tur Portugaliya va dunyo futbol muxlislari uchun kutilmagan natija bilan yakunlanganini bilasiz. Turnir favoritlaridan biri Portugaliya Kongo DR bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
Kolumbiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘yin 3:1 hisobida tugaganini shunchaki fakt sifatida eslataman. Agar Kolumbiya Kongoni ham mag‘lub etsa, ochkolarini 6 taga yetkazib, pley-off masalasini deyarli hal qiladi. Bu esa O‘zbekistonning so‘nggi turda Kongo DRga qarshi o‘yinining ahamiyatini yanada oshiradi.
Endi bugungi o‘yinga qaytamiz. Bu o‘yin ikki terma jamoa uchun ham haqiqiy jangdir. Nega? Ronaldu boshchiligidagi portugallarni g‘alabadan boshqa natija qoniqtirmaydi. Ular bor kuchini O‘zbekistonga qarshi tashlashi aniq. Chunki, terma jamoa shusiz ham bosim ostida. Kongo DR bilan durangdan keyin Portugaliya terma jamoasi atrofida katta ijtimoiy va ichki mojaro kelib chiqqani haqida shov-shuvlar ko‘paydi. Ichki muhit buzilgani haqida katta nashrlar ham yozdi.
Mundial oldidan eng kuchli markazga ega jamoa sifatida ko‘rsatilgan Luish Figu izdoshlari birinchi turdan keyin juda qo‘rqinchli ko‘rinmayapti. To‘g‘ri, yakka holda ismlar sanalsa, har qanday jamoani titratishi mumkin bo‘lganlar yig‘ilgan. Chempionlar ligasini ketma-ket ikkinchi marta yutgan, Yevropaning ramziy terma jamoasiga qo‘shilgan Vitinya va Nevesh, bunga bonus sifatida APLda mavsumning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lgan Brunu Fernandesh… Shunchaki dahshat! Ammo Kongoga qarshi o‘yinda hamma “o‘zi bilgan kuyini chaldi”. Vitinya himoya chizig‘iga tushib olib, PSJdagi o‘yinni qurishga intilgan bo‘lsa, Brunu bir teginishda o‘ynashga harakat qilib, noto‘g‘ri paslarni ko‘p berib yubordi.. Neveshni-ku aytmasa ham bo‘ladi. Krishtianu Ronalduni ham o‘zlari kabi oddiy o‘yinchi ekanini aytib, intervyu berganidan keyin tanqidlar ostida qoldi. Ko‘plab muxlis va mutaxassislar mana shu uchchala shaxsni o‘yin davomida Ronalduga pas berishni xohlamaganlikda, uni hammaga ortiqchadek ko‘rsatishga uringanlikda ayblayapti. Bu yerda haqiqiy futbol tahlilidan ko‘ra, Ronalduga bo‘lgan simpatiya asosiy rol o‘ynayotgani ham bor gap. U avvalgidek tezkor yoki har bir to‘pga yuguruvchi emasligi rad qilib bo‘lmas haqiqat. Bularni nima uchun aytyapman? O‘zbekiston bilan o‘yindan oldin Portugaliyadagi ichki muhitning yaxshi emasligi O‘zbekistonga foyda berishi mumkin.
Bosimsiz O‘zbekiston
Fabio Kannavaro shogirdlari tarixiy debyut o‘yinida Kolumbiyaga yutqazgan bo‘lsa-da, munosib o‘yin ko‘rsatishdi. Juda ko‘pchilik bunday natijani, bunday tempdagi o‘yinni terma jamoadan kutmaganini aytib o‘tdi. Haqiqatan ham JCHdan oldingi ikkita o‘rtoqlik o‘yinidan so‘ng hammada xavotir kuchaygan edi. Kanadadan uchralgan 2:0 hisobidagi mag‘lubiyat va Niderlandiyaga qarshi bahsdagi 2:1 natijasi muxlislarda “muzqaymoq yegani borishar ekan-da” degan salbiy munosabatni oshirgan edi. Ammo JCHning birinchi o‘yindagi ilk gol, 2:1 dan keyin durang uchun qilingan bosim shu qadar umid berdiki, hatto 1 ochkoga ega chiqamiz degan ishonch ham paydo bo‘lgan edi. Biroq so‘nggi daqiqalar oyoqdan chaldi.
Ammo bugun hammasi O‘zbekiston foydasiga o‘ynashi mumkin. Eng avvalidan, Kannavaro aytganidek, aniq natija talabi yo‘q. Maqsad – tajriba. 38 millionlik tomoshabinlar qo‘llab-quvvatlovini ular ham sezib turibdi. Ronaldudek yulduzi bor va 1-turda yaxshi natijaga erisha olmagan, ichki muhiti buzilganligi aytilayotgan jamoaga qarshi o‘yinda bosim kamroq bo‘lishi aniq. Terma jamoa sardori Eldor Shomurodov ham o‘yin oldidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aynan shu mazmunda gapirdi.
“Bizda bosim yo‘q. Shu sababli o‘yinda Portugaliyaga nisbatan biz uchun osonroq kechishi mumkin, deb o‘ylayman. Jamoamizda yaxshi muhit shakllangan. Birinchi uchrashuvdan keyin o‘zimizga bo‘lgan ishonch ham ortdi. Biz Jahon chempionatidagi debyutimizni amalga oshirdik va endi yaxshi natija uchun maydonga chiqamiz. Biz Portugaliyaning birinchi turdagi o‘yinining natijasiga alohida e’tibor qaratmadik.
Hozir bu haqda o‘ylash vaqti emas. Balki uchinchi turdan keyin buni muhokama qilarmiz, ammo hozir barcha e’tiborimiz bugungi bahsga qaratilgan. Kolumbiyaga qarshi birinchi bo‘limda murabbiy ko‘rsatmalarini to‘liq bajara olmaganimiz ayrim xatolarga sabab bo‘ldi. Endilikda bunday kamchiliklarni takrorlamaslikka harakat qilamiz. O‘z o‘yinimizni namoyish etib, to‘pni ko‘proq nazorat qilish va golli vaziyatlar yaratishga intilamiz”, dedi Eldor Shomurodov.
Juda xotirjam bo‘lish ham kerak emas. Muxlis sifatida terma jamoadan pozitiv darajada maksimal natijani kutayotganlar ham bor. Ammo bir narsani unutmaslik kerak: sherning o‘ligi ham sher! Bugungi raqib hazilakam emas. Ular bilan durang ham ideal natija deyish mumkin. Portugaliya bilan o‘yindagi har qanday ochko O‘zbekiston uchun sensatsiya va ulkan muvaffaqiyat bo‘ladi. Agar O‘zbekiston mag‘lub bo‘lsa ham, yirik hisobda (3:0, 4:0) yutqazmaslik o‘ta muhim. Chunki guruhda 3-o‘rinni olgan taqdirda ham, pley-off yo‘llanmasi to‘plar nisbatiga qarab aniqlanadi.
O‘zbekiston uchun ideal ssenariy qanaqa? Portugaliya bilan durang o‘ynash va 3-turda Kongoni yutish. Buning uchun K guruhidagi ikkinchi o‘yinda Kolumbiya Kongoni yirikroq hisobda mag‘lub etishi kerak. Shunda ularda 6 ochko va muddatidan oldin pley-offga chiqish imkoni bo‘ladi. O‘zbekiston Portugaliya bilan durang evaziga o‘zining tarixiy 1 ochkosiga ega chiqadi va to‘plar nisbati evaziga 3-o‘ringa chiqib oladi. Biroq shunda ham hammasi hal bo‘ldi degani emas. So‘nggi turda o‘zaro bahsda Kongoni yutishi shart bo‘ladi. Chunki, Afrika mamlakatida ham baribir imkoniyat saqlanib qoladi. Portugaliyada 2 ochko, O‘zbekistonda va o‘zlarida 1 ochko borligini hisobga olgan holda faqat g‘alaba uchun o‘ynaydi. Va hatto haqiqatda ham g‘alaba evaziga guruhda 2-o‘rinni olishi mumkin. Portugaliya esa muddatidan oldin pley-offga chiqqan va 3-turning natijasi qiziq bo‘lmagan, asosiy o‘yinchilariga dam berilgan motivatsiyasiz Kolumbiya bilan o‘ynaydi.
Xullas, hammasi matematik hisob-kitobga aylanmasligi va o‘z o‘yiniga bog‘liq bo‘lishi uchun O‘zbekiston bugun durang o‘ynash kerak yoki mag‘lubiyat bo‘lsa ham minimal hisob qayd etilishini ta’minlash shart. “Nega g‘alaba haqida gapirmayapsan?” deb malomat qilishga shoshilmang. Bunday natija bo‘lsa-ku, juda zo‘r! Ammo hissiy va muxlislik fikridan ko‘ra, analitik hamda sovuq miyaga suyanish kutilmalarni ancha realroq qiladi.
Terma jamoa murabbiyi Fabio Kannavaro esa o‘z rejasi va strategiyasi borligini aytdi.
“Raqibimiz Jahon chempionatidagi eng kuchli jamoalardan biri. Ularning qanotlarda juda kuchli futbolchilari bor, yarim himoya chizig‘i dunyoning eng yaxshilaridan biri sanaladi. Portugaliya to‘p nazorati orqali o‘yinni boshqarishni yaxshi ko‘radi. Ular uchrashuvni faol boshlab, imkoni boricha tezroq ustunlikka erishishga intiladi. Biz ham bunga tayyorgarlik ko‘rdik. O‘z rejamiz va strategiyamiz bor. Maydonda aynan o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz. Kuchli raqibga qarshi o‘ynayotganimizni bilamiz, ammo bundan qo‘rqmaymiz”, dedi Fabio Kannavaro.
Dunyo mediasi O‘zbekiston haqida nima demoqda?
Jahon mediasi O‘zbekistonni “tavakkal qilishdan qo‘rqmaydigan va jasoratli debyutant” sifatida ta’riflamoqda. Kolumbiyaga qarshi o‘yindagi hujumkor harakatlar va jarima maydonchasi ichidagi dadillik e’tirof etildi. Chet el tahlilchilari O‘zbekistonning xavfli o‘yin uslubi ochiq futbolga olib kelishi va bu uchrashuvda ham “Oq bo‘rilar” gol urishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Portugaliya matbuoti esa o‘z jamoalarining o‘yinini qattiq tanqid ostiga olgan holda, O‘zbekistonni mensimaslik katta xato bo‘lishini yozmoqda. Ayniqsa, Kannavaroning taktik bilimi va o‘zbek futbolchilarining intizomli himoyasi Portugaliyaning “qariya yetakchisi” Krishtianu Ronalduga qarshi qiyinchilik tug‘dirishi mumkinligi haqida ogohlantirishlar bor. Portugaliyalik jurnalistlar Brunu Fernandeshni Ronaldudan ko‘ra ko‘proq zarba berishga va jamoani yetaklashga chaqirishmoqda.
Bugun oqshom soat 22:00 da bizni murosasiz va tarixiy to‘qnashuv kutmoqda. O‘zbekiston terma jamoasiga omad tilaymiz.