Kannavaro Koreyadan uchralgan mag‘lubiyatga izoh berdi

Sport

−

image

Bugun, 6 oktyabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Koreya Respublikasiga qarshi bellashuvdan keyingi matbuot anjumanida o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Matbuot anjumani O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining You-tube kanalida translyatsiya qilindi.

“Juda yaxshi uchrashuv bo‘ldi. Natija borasida, albatta, afsusdamiz, biroq o‘yin sifati nuqtai nazaridan jamoamiz munosib harakat qildi. Futbolchilarga Koreya terma jamoasiga imkon qadar ko‘proq qiyinchilik tug‘dirish vazifasini qo‘ygandik. Uchrashuvning har ikki bo‘limida ham ko‘plab vaziyatlar yaratishga muvaffaq bo‘ldik. Kuchli raqibga qarshi bahslarda esa kichik tafovutlar ham yakuniy natijani belgilab beradi”, deydi Kannavaro.

Murabbiyning aytishicha, u eng avvalo, futbolchilardan o‘zlariga bo‘lgan ishonch bilan maydonga tushishini talab qilgan. 

“Koreya Respublikasida bunday darajadagi uchrashuv o‘tkazish oson emasligini yaxshi anglagandik. G‘alaba bilan qaytish uchun o‘yinning barcha jihatlari yuqori saviyada bo‘lishi kerak edi. Bu, avvalo, yuqori intensivlik, faol harakat va to‘p nazoratini anglatadi. Natijada mazkur jihatlarning ma’lum qismini amalda namoyish eta oldik. Uchrashuv davomida ko‘plab golli vaziyatlarini yaratdik”, deydi murabbiy. 

Uning bildirishicha, Koreya terma jamoasining aniq zarbalari soni hisobga olinadigan bo‘lsa, ular bor-yo‘g‘i ikki marta jiddiy xavf yaratgan. O‘zbekiston terma jamoasi yaratgan vaziyatlarda esa raqib darvozaboni bir qator muhim seyvlarni amalga oshirgan. Bu esa jamoaning yaratilgan imkoniyatlardan foydalana olmaganining asosiy sabablaridan biri bo‘lgan.

“Shunday bo‘lsa-da, bu — futbol. Kelgusida ham jamoamizni yanada rivojlantirish va takomillashtirish yo‘llarini izlashda davom etamiz”, deydi Kannavaro.

Shu bilan birga, u so‘nggi paytlarda O‘zbekiston futbolida o‘sish kuzatilayotgani haqida fikr bildirgan.

“Jamoaga tayinlanganimdan so‘ng, Jahon chempionatiga qadar tarkibga katta o‘zgarishlar kiritmaslikka qaror qilgandik. O‘sha davrda tub o‘zgarishlar qilishdan ko‘ra, avvalgi bosh murabbiy tomonidan olib borilgan ishlarni davom ettirishni maqsadga muvofiq deb hisobladik. Chunki aynan o‘sha jamoa Jahon chempionatiga chiqishdek muhim natijaga erishgan edi”, deydi italiyalik mutaxxasis.

Uning qayd etishicha, Jahon chempionatidan so‘ng jamoada muayyan o‘zgarishlarni amalga oshirishga kirishilgan. Xususan, yosh futbolchilarga ko‘proq imkoniyat berish yo‘li tanlangan. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yoshlar futboliga katta e’tibor qaratib, ushbu yo‘nalishga sezilarli investitsiya kiritmoqda. 

“Zarur infratuzilma va sharoitlar ham yaratilayotganini inobatga olib, jamoada bosqichma-bosqich o‘zgarishlarni amalga oshirishni to‘g‘ri deb bildik.

Hozirda ushbu jarayon izchil davom etmoqda. Bugungi uchrashuv ham yosh futbolchilarimiz uchun Koreya Respublikasi kabi kuchli raqibga qarshi bahsda katta tajriba orttirish imkonini berdi.

Yakunda eng muhim omil – futbolchilarning ruhiy tayyorgarligi hamda yuqori saviyadagi futbol namoyish etishga asoslangan yagona falsafadir. Ana shu yo‘nalishda izchil harakat qilsak, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga erisha olishimizga ishonaman”, deydi Fabio Kannavaro.

Eslatib o‘tamiz, biroz avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasining Janubiy Koreya milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘z yakuniga yetdi. Unda O‘zbekiston MTJ 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Umuman olganda, ushbu FIFA kunlarida O‘zbekistonning asosiy terma jamoasi 3 ta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi. Ulardan ikkitasida – Eron bilan 3:1, Suriya bilan esa 4:1 hisobidagi g‘alabaga erishildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing