Kanchelskis “Navbahor”ning qarzdorligi yuzasidan tahdidga uchraganini aytmoqda

Sport

image

Namanganning “Navbahor” klubi sobiq bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis o‘lim tahdidi tufayli politsiyaga murojaat qildi.

Voqea uning Namangan klubidagi faoliyati bilan bog‘liq. Kanchelskis 2020 yilning oktyabr oyida maoshi bo‘yicha qarzdorlik mavjudligi tufayli klubni tark etgan. Keyinroq FIFA Namangan jamoasiga murabbiy uchun 1,6 million yevro miqdoridagi summani to‘lashni buyurgan.

Qayd etilishicha, Moskvadagi kafelardan birida uch nafar noma’lum shaxs Kanchelskisning oldiga kelib, to‘lanishi kerak bo‘lgan 1,6 mln yevro mablag‘ miqdorini pasaytirishini talab qilishgan va o‘rniga 80 ming yevro miqdoridagi tovon puliga rozi bo‘lishini so‘rashgan. Agar bunga rozi bo‘lmasa, oyog‘ini sindirib, nogiron qilib qo‘yish hamda sud orqali hech narsani isbotlay olmasligi bilan tahdid qilishgan.

Keyinchalik Kanchelskis o‘ziga nisbatan tahdidlar tufayli politsiyaga murojaat qilgani haqidagi ma’lumotlarga izoh berdi:

“Haqiqatan ham politsiyaga ariza topshirdim. Bu ma’lumot qanday qilib ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘lganiga hayronman. Bizning organlarimiz qanday ishlashi aniq emas. Ajoyib tashkilot. Barcha tahdidlar FIFA va UEFA’ga yetkaziladi. Endi bu masalaga jiddiy yondashish kerak. Hozircha politsiyadan bu ma’lumotning OAVda kutilmagan tarzda e’lon qilinishiga guvoh bo‘ldim. Biroq boshqa hech qanday munosabat bildirilmadi. Tez orada qo‘shimcha ma’lumotlar bo‘ladi, deb o‘ylayman. Men bu shaxslar topilib, ularga qarshi qonun doirasida chora ko‘rilishini istayman”.

O‘z navbatida “Navbahor” klubi Kanchelskisga uyushtirilgan tahdid yuzasidan bayonot berib, klub FIFA’ning kompensatsiya to‘lash haqidagi qarori bo‘yicha Xalqaro Sport arbitraj sudiga (CAS) apellyatsiya yo‘llaganini ma’lum qildi.

“Vaholanki, “Navbahor” PFK va klub manfaatlarini himoya qilayotgan yuristlar ushbu hodisadan ancha oldin xabardor edilar. Chunki, Andrey Kanchelskisning yuristlari hodisa bo‘yicha klub vakillari bilan bog‘lanishganda, “Navbahor” PFK bu hodisadan xabari yo‘qligini, lekin holat yuzasidan har qanday yordam berishga tayyorligini ma’lum qilgandi”, deyiladi bayonotda.

Ma’lumot uchun, Andrey Kanchelskis 2018–2019 yillarda “Navbahor” klubiga murabbiylik qilgan. 2019 yilning iyun oyida esa o‘z lavozimini tark etgan. Oradan  ikki oy o‘tgach, 52 yoshli mutaxassis yana o‘z lavozimiga qaytarilib, uch yillik shartnoma imzolangandi. 2020 yilning noyabr oyida yana bir bor klub rahbariyati tomonidan iste’foga chiqarilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Navbahor Andrey Kanchel'skis FIFA UEFA Qarzdorlik

Baholaganlar

123

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing