Kanada Bosh vaziri saylovda g‘alaba qozondi, lekin maqsadiga erishmadi 

Olam

image

Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudoning hukmron Liberal partiyasi kecha, 20 sentyabr kuni muddatidan oldin bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida g‘alaba qozondi. Lekin partiya o‘z maqsadiga erisha olmadi: u mamlakat qonun chiqaruvchi organining quyi palatasida ko‘pchilik ovozini olmadi va yana ozchilik hukumatini tuzishga majbur bo‘ladi.  

Milliy saylov komissiyasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, liberallar 338 ta saylov okrugining 156 tasida 31,8 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan, to‘liq g‘alaba uchun esa 170 o‘rin talab qilingan. Konservativ partiya 121 okrugda qo‘llab-quvvatlangan (34,1 foiz — aholisi ko‘p bo‘lgan okruglardagi g‘alaba evaziga). Uchinchi o‘rinni 32 okrugda (8,3 foiz) yutgan Kvebek bloki egallagan. 

Ta’kidlanishicha, ovozlarni sanash hali ham davom etmoqda. Pochta orqali yuborilgan byulletenlarni qayta ishlash zarurati tufayli u bugun, 21 sentyabr kuni yakunlanishi kerak. 

Qayd etilishicha, keyingi saylovlar 2023 yilda bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq, 2019 yilgi saylov natijalariga ko‘ra, Kanada Liberal partiyasi atigi 155 ta mandatni qabul qila oldi. Bu uning kun tartibini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan qonunlarni erkin qabul qilishiga to‘sqinlik qildi.

Shu sababli, Tryudo tez-tez qonun chiqaruvchi organlarning ishini tanqid qilgan va liberal tashabbuslarni ma’qullashda qiyinchiliklar bo‘lgani uchun hatto uni “obstruksiya joyi” deb atagan. Shu munosabat bilan, joriy yilning 15 avgustida hukumat boshlig‘i parlamentni tarqatib yubordi va 20 sentyabr kuni muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini ma’lum qildi. 

U koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda erishilgan yutuqlar sharoitida jamoatchilik qo‘llab-quvvatlashidan foydalanib, 2019 yilda amalga oshmagan ko‘pchilik hukumatini tuzish uchun saylov o‘tkazishni tezlashtirgandi, ammo bu urinish ham muvaffaqiyatsiz tugadi. 

Ma’lumot o‘rnida, Jastin Per Jeyms Tryudo 2015 yil 4 noyabrdan Kanada Bosh vaziri, 2013 yil 14 apreldan Kanada Liberal partiyasi rahbari hisoblanadi. U Kanadaning o‘n beshinchi Bosh vaziri Per Elliot Tryudoning to‘ng‘ich o‘g‘li. 

Avvalroq, Jastin Tryudoning sallada yuzini qoraga bo‘yab olgan holatdagi surati norozilikka sabab bo‘lgani haqida xabar bergandik. 


Maqola muallifi

Teglar

saylov Kanada

Baholaganlar

72

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing