Kanada Bosh vaziri Karni jonli efirda Trampni masxara qildi (video)
Olam
−
10:10 2036 2 daqiqa
Kanada Bosh vaziri Mark Karni uy-joy siyosatiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida telesuflyor ishdan chiqqanidan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Trampga kinoyali munosabat bildirdi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, matbuot anjumani vaqtida telesuflyor ishlashdan to‘xtagach, Karni kulgan va Trampga kinoya sifatida nutqini davom ettirgan.
“Sizlarga ma’lum qilmoqchimanki, telesuflyor ishlashdan to‘xtadi. Ayrim dunyo yetakchilaridan farqli o‘laroq, men buni fitna deb hisoblamayman”, degan u.
Bu so‘zlar Trampning o‘tgan yili BMT Bosh Assambleyasidagi chiqishi paytida eskalator to‘xtab qolgani va telesuflyor ishlamaganidan keyin bu holat yuzasidan tekshiruv talab qilganiga ishora sifatida baholangan.
Karni ma’muriyati va Oq uy bu holat yuzasidan agentlikning so‘roviga hozircha rasmiy munosabat bildirmagan.
Ma’lumot uchun, Kanada va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar Tramp o‘tgan yili Oq uyga qaytganidan beri taranglashgandi. Tramp Kanadaga keng qamrovli bojlar joriy etgan va mamlakat AQSHning 51-shtatiga aylanishi kerakligini bir necha bor ta’kidlagan.
Karni esa Trampning savdo siyosatiga qarshi kurashishini bildirib, Kanadaning AQSHga diplomatik va iqtisodiy qaramligini kamaytirishga harakat qilib kelmoqda. Shuningdek, u xalqaro maydonda qoidalarga asoslangan global tartib tugaganini ta’kidlab, yirik davlatlarni iqtisodiy integratsiyani “qurol” sifatida qo‘llayotganlikda tanqid qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Selm shahri yaqinidagi fermer makkajo‘xori dalasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Tramp tasvirlangan ulkan labirint yaratgandi.
Live
Barchasi