Kamoliddin Rabbimovga jarima jazosi tayinlangani aytildi
Jamiyat
−
18 aprel 2022
9002Avvalroq, siyosatshunos va tahlilchi Kamoliddin Rabbimov 15 sutkaga qamalgani, u xalq tilida “Panelniy” deb ataluvchi hibsxonaga olib borilgani haqida xabar bergan edik.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Kamoliddin Rabbimov ishi bo‘yicha o‘tkazilgan sud majlisida unga nisbatan jarima jazosi tayinlanishi belgilangan. Bu haqda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Telegram’dagi rasmiy sahifasida ma’lumot berildi.
Eslatib o‘tamiz, siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov 17 aprel kuni soat 15:00 atrofida Toshkentdagi uyidan chiqib ketgancha qaytib kelmagan. 18 aprel kuni soat 19:00 atrofida jamoatchilik orasida uning dom-daraksiz ketgani shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Ko‘p o‘tmay, Rabbimov jurnalist Ilyos Safarov bilan bog‘lanib, “Panelniy”ga olib kelingani va 15 sutkaga qamalayotganini aytgan.
Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov holat bo‘yicha rasmiy bayonot berdi. U shunday deb yozadi:
“Joriy yilning 17 aprel kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumani “Chaqar” mahallasida o‘tkazilayotgan sanitariya-profilaktik tadbirlar jarayonida, fuqaro K.R. xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning faoliyatiga asossiz aralashib, ularning ishiga to‘sqinlik yaratib, qonuniy talablarini bajarmagan.
Holat yuzasidan fuqaro K.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183, 194 va 195-moddalari bilan materiallar rasmiylashtirilib, qonuniy chora ko‘rish uchun Shayxontohur tumani sudiga yuborilgan”.
Hozircha O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari, shuningdek, Oliy sud Matbuot xizmati Kamoliddin Rabbimovga tayinlangan jazosi chorasi bo‘yicha rasmiy bayonot berganicha yo‘q.
LiveBarchasi