Kamoliddin Behzod tavalludining 565 yilligi keng nishonlanadi – Prezident qarori
Jamiyat
−
22 aprel 2020
5599O‘zbekiston Respublikasi Prezdentining “Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Tasviriy va amaliy san’at sohalarida milliy merosimizni tiklash, Kamoliddin Behzodning boy ijodiy merosini xalqimizga to‘la yetkazish, soha rivojiga katta hissa qo‘shgan atoqli rassom va xalq ustalari xotirasini abadiylashtirish, ijodiy yo‘nalishda oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni tashkil etish, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda mamlakatimizda tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn sohasi samaradorligini yanada oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2020 yil oktyabr oyida buyuk musavvir va naqqosh Kamoliddin Behzod tavalludining 565 yilligini keng nishonlash;
Kamoliddin Behzod xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining ko‘chalaridan biriga uning nomini berish;
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalar uchun Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini ta’sis etish;
yosh iste’dodli ijodkorlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatyura va xalq amaliy san’ati asarlari ijodiy tanlovini tashkil etish va uni har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib borish belgilansin.
2. Kamoliddin Behzod tavalludining 565 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkiliy qo‘mita (A.Abduhakimov):
a) bir oy muddatda Kamoliddin Behzod tavalludining 565 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
b) 2020 yil 15 sentyabrga qadar Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi xiyobonining zamonaviy qiyofada qayta tashkil etilishi va uning hududidagi Kamoliddin Behzod haykalini 2022 yilda bronzaga o‘tkazilishini;
v) 2020 yil 1 oktyabrga qadar Kamoliddin Behzod hayoti va ijodi hamda uning Sharq tasviriy san’atiga qo‘shgan beqiyos hissasiga bag‘ishlangan hujjatli filmning tayyorlanishi hamda markaziy telekanallarda namoyish etilishini;
g) 2020 yil oktyabr oyida:
“Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatyura va xalq amaliy san’ati asarlari ijodiy tanlovining o‘tkazilishini;
Kamoliddin Behzod va uning izdoshlari asarlari, xattotlik san’ati namunalari, zamonaviy miniatyura asarlari ko‘rgazmasi hamda ilmiy-amaliy konferensiyasining o‘tkazilishini;
d) “O‘zbekiston zamonaviy miniatyurasi” katalogining tayyorlanishi va joriy yil oktyabr oyida nashr etilishini ta’minlasin.
4. Belgilansinki, Kamoliddin Behzodning haykalini bronzaga o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga mazkur maqsadlar uchun ajratiladigan byudjet mablag‘lari doirasida amalga oshiriladi.
5. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzurida:
Badiiy ta’lim yo‘nalishlaridagi pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz);
oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimida tayyorgarlik bosqichi sifatida Rassomlik mahorat ustaxonasi (oliy rassomlik kursi)(keyingi o‘rinlarda – Rassomlik mahorat ustaxonasi) tashkil etilsin.
6. Quyidagilar:
a) Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlat oliy va professional ta’lim muassasalari, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlari, bolalar musiqa va san’at maktablarining tasviriy va amaliy san’at, dizayn, san’atshunoslik hamda muzeyshunoslik yo‘nalishlari (keyingi o‘rinlarda – badiiy ta’lim yo‘nalishlari) bo‘yicha pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish;
iqtidorli yosh professional san’at namoyandalarining bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan o‘qitishning zamonaviy shakl va uslublari, samarali pedagogik texnologiyalar, elektron axborot resurslaridan keng foydalangan holda ta’lim jarayonining yuqori darajada olib borilishini ta’minlash;
o‘quv jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishni hisobga olgan holda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining o‘quv rejalari va dasturlarini tizimli ravishda takomillashtirish;
badiiy ta’lim yo‘nalishlaridagi pedagog va mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarining o‘quv-metodik bazasini shakllantirish va faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularga tashkiliy-metodik rahbarlikni amalga oshirish;
b) Rassomlik mahorat ustaxonasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
tasviriy san’at asarlarining yuksak sifatini ta’minlash, tasviriy san’at ijodkorlarining salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarish;
“ustoz-shogird” va badiiy ta’lim an’analarini saqlagan holda o‘qitishning ilg‘or usullarini ishlab chiqish va o‘quv jarayoniga ijodiy ustaxonalar faoliyatini tatbiq etish;
tasviriy san’at yo‘nalishlarida (dastgohli, grafika, mahobatli, miniatyura, haykaltaroshlik) faoliyat olib borayotgan iste’dodli ijodkorlarni saralab olish, ularning estetik saviyasi va mahoratini yuksaltirish;
san’at asarlarida milliy va umuminsoniy an’analarning yuksak darajada ifoda etilishiga erishish;
chet ellardagi ko‘rgazma va muzeylarda saqlanayotgan noyob asarlar bilan yaqindan tanishish, nusxa ko‘chirish hamda tajriba almashish maqsadida xorijiy mamlakatlarga oliy rassomlik kursi yosh ijodkorlarining ijodiy safarlarini tashkil etish;
yurtimiz muzeylari fondlarini yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy san’at asarlari bilan muntazam boyitib borishga ko‘maklashish.
7. Belgilab qo‘yilsinki:
Markaz faoliyati 2022 yil 1 yanvardan, Rassomlik mahorat ustaxonasi faoliyati 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi;
Rassomlik mahorat ustaxonasi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmaydi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;
yosh ijodkorlar Rassomlik mahorat ustaxonasiga stajyor-tadqiqotchilar uchun belgilangan tartib asosida jalb qilinadi.
8. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Markaz hamda Rassomlik mahorat ustaxonasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi tegishli Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Respublikada tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. O‘zbekiston Badiiy akademiyasining yurtimiz tasviriy san’atiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli ijodkor Pavel Benkov nomini Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabiga berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2022 yil 1 sentyabrga qadar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari hamda maktab-internatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va o‘quvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rsin.
12. 2020 yil 1 noyabrdan boshlab O‘zbekiston Badiiy akademiyasi markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 100 foiz miqdorida oylik ustamalar belgilansin.
13. Mazkur qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan ikkinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida, 2021 yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida 2021 yil va keyingi yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining asosiy binosi atrof hududida qo‘shimcha o‘quv binosi va zamonaviy axborot-kutubxona markazi, ko‘rgazmalar galereyasini o‘z ichiga qamrab oluvchi yordamchi bino qurish ishlari uchun zarur kapital qo‘yilma mablag‘larini nazarda tutsin.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi 2020 yil 1 oktyabrga qadar mazkur bandda nazarda tutilgan loyiha (ob’ekt) bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi va belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–3219-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
16. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2020 yil 21 aprel
LiveBarchasi