“Kameralar, radarlar va jarimalar mamlakati”. Siyosatshunos O‘zbekistondagi yo‘l harakati xavfsizligi tizimini tanqid qildi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi tizim odamlarni yo‘l qoidalariga rioya qilishga emas, uni buzish va jarima to‘latishga undaydi. Bu fikrlarni siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Facebook'dagi sahifasida bildirdi. 

Rabbimovga ko‘ra, O‘zbekistonning yo‘l harakati xavfsizlik tizimi – dunyodagi eng adolatsiz tizim. 

“O‘zbekistonning yo‘l harakati xavfsizlik tizimi – dunyodagi eng adolatsiz tizim bo‘lsa kerak. Men Fransiyada 13 yil davomida, muttasil mashina haydab, ikki marta jarima to‘laganman. Chunki mashinani tez haydamayman. Bir tekis haydayman. Qoida buzuvchilarni yoqtirmayman. Bugunning o‘zida ikkita “shtraf” kelibdi. “Shtraf” 30 iyun sanasida imzolangan. Lekin qoidani yanvar va fevral oylarida buzgan emishman. Yo‘l tezligi 70 km soat o‘rnatilgan joyda, +5 km olib tashlanganda, 71 km tezlikda o‘tibman. Bu qadar davlatga va uning tizimiga norozilik shakllantiruvchi, ehtiroslarni qaynatuvchi nohaqliklarni kimlar o‘ylab toparkin?!”, deydi siyosatshunos.

Kamoliddin Rabbimovning so‘zlariga ko‘ra, u haydovchilik guvohnomasini Fransiyada olgan. Olish uchun ikki yil o‘qigan. 

“O‘zbekistonda tizim shunaqaki, odamlarni qoidaga rioya qilishga undamaydi, aksincha buzishga va jarima to‘latishga undaydi. Misol uchun, ko‘priklarni ustida uzun-yopiq chiziq qo‘yilgan. Bu chiziqni bosish – qoida buzilishi. Lekin shu ko‘priklar va yerosti tonellarida yon tarafdan yo‘l qo‘shilib, moshinalar birlashishi nazarda tutilgan. Lekin o‘sha yerlarda ham chiziqlar yopiq. Bir so‘z bilan aytganda, bugun juda kayfiyatim yomon. Yana qaytarib aytaman, bunaqa noto‘g‘ri tizimni ko‘rmaganman!”, deya yozib qoldirdi u.

Bir necha kun avval esa siyosatchi O‘zbekiston yo‘l harakati bilan bog‘liq jarimalar jamoatchilik kayfiyatiga o‘ta salbiy ta’sir qilayotgan muammolardan biri ekani haqida yozgan edi. 

“Ikki kun oldin bu muammo haqida ikkita post qo‘ygandim, jami ikki mingdan ortiq odam layk bosib, Ichki ishlar vazirligiga o‘zining e’tirozini bildiribdi. Yuzlab sharhlarda, bu tizim naqadar adolatsiz, shavqatsiz, empatiyani emas nafratni qo‘zg‘atuvchi ekanligini yozishibdi. Yuz martaga yaqinlariga ulashibdi. Siyosatshunoslikda, sotsiologiyada “Nima uchun ba’zi davlatlar o‘ta barqaror, boshqalari o‘ta beqaror?” degan muhim savol bor. Javob shuki, ba’zi davlatlarda, hokimiyatlar jamiyatga, oddiy odamlarga nisbatan o‘ta empatiyasi, achinish hissi kuchli. Boshqalarida, odamlarni ezish orqali, o‘z muassasalari va davlat byudjeti uchun pul yig‘adi. Ya’ni, davlatni – odamlarni ezish apparati sifatida ko‘rishadi. Nima uchun davlat mutasaddilari buni sezmaydi? Chunki, jarimalar davlat raqamidagi mashinalarga yuborilmaydi. Shuning uchun, jamiyatda ikki qutbli ijtimoiy kayfiyat shakllangan”, deya ta’kidlagan Rabbimov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonga kelgan va mashinada sayr qilgan xorijliklar, davlatni hech ikkilanmay “kameralar, radarlar va jarimalar mamlakati” deb atasa kerak. 

“O‘zbekistonga kelgan va moshinada sayr qilgan xorijliklar, davlatimizni hech ikkilanmay “kameralar, radarlar va jarimalar mamlakati” deb atasa kerak. Chunki, tashqi dunyo bilan farq – bir necha o‘n marotalab katta! Bu farqni eng sabrli va vazmin odam ham ilg‘amay iloji yo‘q. Boshqacha qilib aytganda, IIVning jarimalar siyosati – xalq bilan tirashish va ijtimoiy noroziliklarni o‘stirish asosiga qurilgan! Boshqa xulosa yo‘q! Faqat, IIV kutgan natija, kunda emas, kunida bo‘ladi”, deydi Kamoliddin Rabbimov.


Maqola muallifi

Teglar

Kamoliddin Rabbimov

Baholaganlar

1035

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing