Kaliy tuzini iste’mol qilish inson umrini uzaytiradi – JSST

Salomatlik

image

Osh tuzining muqobilidan foydalanish millionlab insonlar hayotini uzaytirishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning osh tuzi iste’molini kamaytirish bo‘yicha yangi tavsiyalarida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, tuzdan me’yordan ortiq foydalanish qon bosimi ko‘tarilishi, infarkt, insult, buyrak kasalliklariga chalinish xavfini oshiradi.

JSST tavsiyalariga ko‘ra, kunlik natriy iste’moli 2 grammdan oshmasligi kerak. Bu taxminan 5 gramm, yanada soddaroq aytganda, bir choy qoshiq osh tuzi deganidir.

Biroq hozirgi kunda odamlar kuniga 4,3 grammdan ortiq natriy iste’mol qilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich tavsiya etilgan me’yordan qariyb ikki barobar ko‘p.

Vaholanki, bundan o‘n ikki yil avval JSSTga a’zo davlatlar bilan 2025 yilga borib, tuz iste’molini 30 foizga kamaytirish yuzasidan kelishuvga erishilgan edi. Ammo, afsuski, bu maqsad amalga oshmadi. Shu bois belgilangan muddat 2030 yilgacha uzaytirildi.

Yangi tavsiyalarga ko‘ra, an’anaviy osh tuzi o‘rniga kaliy tuzidan foydalanish maqsadga muvofiq. Bu orqali, avvalo, qon bosimi normallashib, yurak-qon tomir kasalliklari xavfi kamayadi. Asab tizimi yaxshilanadi.

Kaliy tuzi ta’mi va xususiyatlari bo‘yicha oddiy tuzdan deyarli farq qilmaydi. Kaliy tuzi hali keng ommalashmagan, ayrim hududlarda esa sotuvda topish qiyin. Qolaversa, narxi ba’zi mamlakatlarda oddiy tuzdan biroz qimmatroq bo‘lishi mumkin. Ammo bu moddani keng iste’molga kiritish orqali muammoning samarali yechimini topsa bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qizil go‘shtni yaxshi pishirmaslik Salmonella va Listeria kabi bakteriyalarni yuqtirish xavfini oshirishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kerakli miqdorda pishirilmagan go‘sht organizmda zararli birikmalarning paydo bo‘lishiga yo‘l ochadi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing