Kalbajarda mina portladi. Bir harbiy qurbon bo‘ldi
Olam
−
14 dekabr 2022
5965Ozarbayjonning Armaniston bilan chegaradosh Kalbajar viloyatida piyodalarga qarshi o‘rnatilgan mina portlab, sakkiz kishi, jumladan, to‘rt nafar harbiy xizmatchi jarohatlandi. Ulardan biri vafot etdi. Bu haqda bugun, 14 dekabr kuni Respublika Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.
“14 dekabr kuni taxminan soat 18:00da (Toshkent vaqti bilan 19:00) Qalbajar viloyati harbiy prokuraturasiga sakkiz kishi minada portlagani haqida xabar kelib tushdi”, deyiladi bayonotda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, jarohatlanganlarning to‘rt nafari Qalbajar tumani Chirag‘ qishlog‘ida ta’mirlash-qurilish ishlari bilan shug‘ullanuvchi kompaniya xodimlaridir. Bundan tashqari, voqea joyiga jo‘natilgan to‘rt nafar harbiy xizmatchi minada portlagan, ulardan biri halok bo‘lgan.
“Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Ozarbayjon Qorabog‘da davom etgan qariyb 30 yillik Armaniston istilosida davrida Yerevan hududlarni to‘liq minalashtirgani va hamon portlovchi moddalar joylashtirilgan hududlar xaritasini bermay kelayotganini da’vo qiladi. TIV joriy yilning avgust oyidan buyon Armaniston-Ozarbayjon chegarasining Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida 1119 ta, Qorabog‘ iqtisodiy rayoni hududida 1609 ta mina topilgani va zararsizlantirilganini ma’lum qilgan.
TIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda ikkinchi Qorabog‘ urushi tugaganidan beri 268 Ozarbayjon fuqarosi minalardan jabr ko‘rgan, 45 kishi halok bo‘lgan, ulardan 3 nafari jurnalist va 35 nafari tinch aholi vakillari.