Kalbajar Ozarbayjon nazoratiga o‘tdi
Olam
−
25 noyabr 2020
7474Tog‘li Qorabog‘ga tutash Kalbajar tumani Ozarbayjon nazorati ostiga o‘tdi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Ilhom Aliyev bugun, 25 noyabr kuni xalqqa yo‘llagan murojaatida ma’lum qilgan.
“Aziz vatandoshlar, bugun Kalbajar tumani ishg‘oldan ozod qilindi. Men shu munosabat bilan butun Ozarbayjon xalqini samimiy muborakbod etaman”, deydi davlat rahbari AzTV davlat kanali efirida namoyish etilgan murojaatida.
Prezident Ozarbayjon xalqi bu kunni ko‘p yillar davomida orziqib kutganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, hudud nuqtai nazaridan Kalbajar Ozarbayjonning eng yirik mintaqalaridan biridir.
“U arda joylashgan yodgorliklar, masjidlar va cherkovlar bizning tarixiy merosimizdir”, dedi davlat rahbari. Unga ko‘ra, barcha cherkovlar madaniy boylik sifatida davlat tomonidan himoyaga olinadi.
“Hech kim tashvishlanmasin, bu cherkovlar davlat tomonidan himoya qilinishda davom etadi”, deydi Ozarbayjon rahbari.
Aliyev, shuningdek, Kalbajarni tiklash rejalarini e’lon qildi.
“Biz hamma narsani tiklaymiz, Kalbajarni tiklaymiz”, deydi Aliyev. U mintaqani qayta qurish bo‘yicha bosh rejani tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berganini aytdi.
Prezidentning aytishicha, Ozarbayjon Naxichevan Avtonom Respublikasi bilan temir yo‘l aloqasini tiklash niyatida.
“Naxichevan avtonom respublikasiga olib boriladigan temir yo‘lni tiklash bo‘yicha dastlabki ko‘rsatmalar berilgan”, degan Prezident.
Shuningdek, u Baku nazorati ostiga o‘tgan hududlarning yana bir tarmog‘ini, xususan, Barda-Ag‘dam temir yo‘lini tiklash bo‘yicha choralar ko‘rilganligini esladi.
“Ag‘dam viloyatini tiklash va kelajakda u yerda yashaydigan odamlarga qulaylik yaratish uchun ushbu yo‘l majburiy bo‘lishi kerak”, deya qo‘shimcha qildi Aliyev va aholini ushbu yo‘nalishdagi ishlar to‘g‘risida muntazam ravishda xabardor qilib turishni va’da qildi.
LiveBarchasi