“Kalmar o‘yini”: maktab qizlari “video chellenj” uchun 12 yoshli bolani o‘ldirgani aytildi
Olam
−
09:48 2440 3 daqiqa
Moskva viloyatining Orexovo-Zuyevo shahar okrugida 12 yoshli maktab o‘quvchisi o‘ldirildi, jinoyatda gumonlanayotgan 15 va 16 yoshli ikki nafar yuqori sinf o‘quvchisi esa qo‘lga olindi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 12 yoshli bola 26 avgust kuni Kabanovo qishlog‘ida bedarak yo‘qolgan. Uni qidirish ishlariga ko‘ngillilar ham jalb qilingan. 27 avgust kuni bolaning jasadi ko‘plab pichoq jarohatlari bilan tashlandiq bino – mahalliy kasb-hunar ta’limi muassasasining sobiq yotoqxonasi podvalida topilgan.
Ko‘p o‘tmay, jinoyatda gumonlanib, mahalliy 2 nafar voyaga yetmagan qiz – 15 va 16 yoshli o‘quvchilar ushlangan. Tergovchilar qotillik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Telegram-kanallar va ommaviy axborot vositalari huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi manbalariga tayanib, qizlar qotillikni oldindan rejalashtirgani, pichoq va qo‘lqoplar tayyorlagani haqida yozmoqda. Ular halok bo‘lgan bolani qishloqdagi qo‘shnisi sifatida tanishgan.
Ma’lum qilinishicha, o‘smir yo‘qolgan kuni qizlar uni “pivo ichish” bahonasida sayr qilishga chaqirib, tashlandiq binoga olib borgan. “Komsomolskaya pravda” nashrining politsiyadagi manbasi qizlar “odamlar qanday o‘lishini ko‘rishni” istaganini aytgan.
Ayrim manbalarga ko‘ra, qizlar qotillik jarayonini telefonga tasvirga olib, qandaydir “video chellenj”ni bajargan. Boshqa manbalar esa gumondorlar izlarni yo‘qotish maqsadida ataylab mobil telefonlarini o‘zlari bilan olmaganini bildirgan. Jinoyatdan so‘ng ular uylariga qaytib ketgan.
Halok bo‘lgan bolaning onasi Irina “msk1” nashriga bergan intervyusida gumonlanuvchilar boshqa qotilliklarni ham rejalashtirgan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tergovning versiyalaridan biri qizlar Janubiy Koreyaning “Kalmar o‘yini” serialidan ilhomlangan bo‘lishi mumkinligini nazarda tutadi.
Serial voqealarida qahramonlar hayot-mamot uchun shafqatsiz o‘yinlarda ishtirok etadi. Bolaning onasi tergovchilar bunday xulosaga gumonlanuvchilardan birining xonasida serial qahramonlari tasvirlangan plakatlar bo‘lgani va uning TikTok akkauntida serialdagilarning qotillik sahnalari joylangani asosida kelganini aytgan.
Kabanovo aholisidan biri “msk1” nashriga 2 nafar qiz ham tinch va janjalkash bo‘lmaganini, ammo maktabda boshqa tengdoshlari ular bilan ko‘p muloqot qilmaganini bildirgan. Uning aytishicha, qizlar bir-biri bilan yaqin do‘st bo‘lib, ko‘p vaqtni birga o‘tkazgan.
Nashr suhbatdoshining ta’kidlashicha, qizlardan halok bo‘lgan bola ham kiritilgan 50 nafardan iborat ro‘yxat topilgani haqida ma’lumot bor. Shuningdek, uning aytishicha, gumonlanuvchilar hech qanday submadaniyatga, jumladan, satanizmga aloqador bo‘lmagan, ammo “Kalmar o‘yini” serialiga juda qiziqqan.
Siloviklarga yaqin REN manbasi esa gumonlanuvchilarning so‘roqda bergan ko‘rsatmalari haqida ma’lumot tarqatgan. Unga ko‘ra, qizlardan biri anchadan beri “qon nima ekanini va odam o‘ldirish qanday bo‘lishini” bilishni istaganini aytgan.
Boshqa gumonlanuvchi esa dugonasi bilan romantik munosabatda bo‘lganini va halok bo‘lgan bola bu sirni oshkor qilib qo‘yishidan qo‘rqqanini bildirgani aytilmoqda.
Hozircha ushbu ma’lumotlarning bir qismi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rasman tasdiqlanmagan. Tergov davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Malayziyada 14 yoshli o‘smir 16 yoshli maktabdosh qizni o‘ldirishda ayblanib, 40 yilga qamalishi mumkinligi aytilgandi.
Live
Barchasi