Kaxovka GESi portlatilishi BMT Xavfsizlik kengashida ko‘rib chiqildi
Olam
−
07 iyun 2023
7902Kecha, 6 iyun kuni BMT Xavfsizlik kengashi Kaxovka GESidagi portlash munosabati bilan Ukraina iltimosiga ko‘ra favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda xalqaro tashkilotning matbuot xizmati xabar berdi.
Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida so‘z olgan BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffits mazkur holat Ukrainadagi odamlarning ahvoli yanada yomonlashishini anglatishini bildirgan. Griffitsning ta’kidlashicha, BMT har qanday vaqtda Rossiya nazorati ostidagi hududlarga konvoylar va yordam xodimlarini joylashtirishga tayyor.
Rossiya va Ukrainaning BMTdagi doimiy vakillari esa bir-birini Kaxovka to‘g‘onini buzishda ayblagan.
Ukraina vakili Sergey Kislitsa Rossiyani Kaxovka GESini portlatishda ayblab, bu qadamni so‘nggi o‘n yilliklardagi Yevropadagi eng yirik texnogen falokatga aylangan "keng ko‘lamli ekologik terrorchilik hujumi" deb atagan. Kislitsaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning maqsadi imkon qadar ko‘proq odamga va atrof-muhitga katta zarar yetkazish.
O‘z o‘rnida Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya to‘g‘onning buzilishida Ukraina rasmiylarini ayblagan.
“6 iyunga o‘tar kechasi Kiyev rejimi aql bovar qilmaydigan jinoyatni sodir etdi. Kaxovka GESi to‘g‘oni buzilishi oqibatida suv Dnepr daryosining quyi oqimiga nazoratsiz oqa boshladi. Aholi punktlari suv ostida qoldi, minglab odamlarni evakuatsiya qilish kerak va u allaqachon boshlangan. Mintaqaning qishloq xo‘jaligi va Dnepr ekotizimiga katta zarar yetkazildi”, degan Rossiya vakili.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa Kaxovka GESidagi favqulodda holat Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishining yana bir halokatli natijasi ekanini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 iyun kuni ertalab Ukrainaning Xerson viloyatidagi Kaxovka GESi vayron bo‘lgandi. Buning oqibatida aholi yashash punktlari suv ostida qoldi. Kiyev va Moskva stansiyadagi portlashda bir birini aybladi. NATO, Yevropa Kengashi va Germaniya ham portlashda Rossiyaning qo‘li boprligini aytdi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova esa Ukraina GESga hujum qilishni reja qilganini oldindan bilganini ta’kidladi.
LiveBarchasi