Kadrlarni tanlash va ularni taqsimlash tizimi o‘zini oqlamadi – Sayyora Xo‘jayeva Prezidentga xat yozdi

Jamiyat

image

Oxirgi 10 kunlikda O‘zbekistonda “snos”lar masalasi dolzarb bo‘lib turibdi. Bunga Xorazm, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlaridagi holatlar sabab bo‘lgani ko‘pchilikka ma’lum. 

O‘zbekiston Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ushbu masalada ochiq xat yo‘lladi. Maktub matni uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirildi. U mamlakatdagi yuqori lavozimlarga kadrlarni tanlash siyosati o‘zini oqlamaganini aytib, “Davlat xizmatchilari to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilishga ehtiyoj borligini qayd qilgan. 

“So‘nggi ikki-uch kun mamlakatimiz kadrlar siyosatidagi bo‘shliqlarni yana bir bor namoyish etdi. Nima deyishingizdan qat’i nazar, “kadrlar hamma narsani hal qiladi” degan mashhur ibora bugun ham, ertaga va har doim ham dolzarb bo‘ladi. Sizning mansabdor shaxslarga aytgan gaplaringiz shundan dalolat beradiki, hozirga qadar amalda bo‘lgan kadrlarni tanlash va ularni taqsimlash tizimi o‘zini oqlamadi hamda “Davlat xizmatchilari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini qabul qilish vaqti keldi”, deydi Xo‘jayeva. 

Sayyora Xo‘jayeva o‘z maktubida Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev va Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev Prezident komandasida bo‘lgani uchun ham odamlar ularga bo‘ysunganini aytadi:

“Uchala hokim, “snos”lar bilan bog‘liq so‘nggi voqealar “qahramonlari”ni siz uzoq vaqtdan beri tanigansiz va ularga ishongansiz. Hokimlar sizning odamlaringiz ekani va hamma ularga bo‘ysunishi kerakligi haqidagi so‘zlaringiz barchaning yodida. Tan olish kerakki, ular sizning ishonchingizni oqlamadi, aksincha, o‘zining xatti-harakati bilan siz, sizning siyosatingizga pand berdi hamda dunyo hamjamiyati oldida davlat hokimiyatini obro‘sizlantirdi. Fuqarolar Shuhrat G‘aniyev, Farhod Ermanov va boshqa ayrim hokimlarning qonunga rioya qilmaslik, qo‘pol, ba’zan surbetlarcha xatti-harakatlaridan shikoyat qildi. Ammo, ma’lumki, javobgarlikning yo‘qligi o‘zboshimchalikka olib keladi. Men fuqarolik jamiyatining vakiliman, biz siz va sizning islohotlaringizga ishonamiz. Bugun erishgan barcha yutuqlarimizni sanab o‘tirmayman, buning uchun sizga minnatdormiz”.

Sayyora Xo‘jayeva yoshlar orasida rahbarlik lavozimlariga tayinlashga loyiq yoshlar ko‘pligini aytgan.

“Sizga cheksiz ishonayotgan xalqaro hamjamiyat ham jiddiy o‘zgarishlar, jumladan, kadrlar siyosatida katta o‘zgarishlarni kutmoqda. Iqtidorli yoshlar juda ko‘p. Ammo stereotiplar ularni ilgari surishga to‘sqinlik qilyapti. Sizning atrofingizdagi shaxslar asosan “o‘z odamlari”ni yuqori lavozimlarga olib chiqmoqda, sizga ishonadigan hamda O‘zbekiston eng ilg‘or davlatlar qatoriga kirishini istaydigan haqiqiy vatanparvarlar tarixdan chetda qolmoqda”, deydi Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori.


Maqola muallifi

Teglar

Sayyora Xo'jaeva

Baholaganlar

158

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing