Kadrlarga ehtiyoji bor tibbiyot va farmatsevtika muassasalari uchun maxsus kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi
Jamiyat
−
07 may 2019
8268Joriy yilning 6 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Tibbiyot va farmatsevtika ta’limi va ilm-fani tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Quyida Prezident qarori bilan to‘liq tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Mamlakatimizda milliy tibbiyot va farmatsevtika ta’limini modernizatsiya qilish, ushbu sohaga xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, aholi salomatligini muhofaza qilishning dolzarb muammolari bo‘yicha kompleks ilmiy tadqiqotlar olib borish, shuningdek, ta’lim olayotgan yoshlarga ma’naviy-axloqiy tarbiya berishning samarali tizimini yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, respublikaning olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarida umumiy amaliyot vrachlari hamda tor mutaxassislarning yetishmasligi, tibbiyot ta’lim muassasalaridagi zarur bo‘lgan amaliy tayyorgarlikning yetarli bo‘lmayotganligi, shuningdek, uzluksiz kasb-hunar ta’limini tashkil etishning zamonaviy shakl va uslublarining sust joriy etilishi tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini tayyorlash, o‘rta muddatli davrda uni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar qabul qilinishini talab etmoqda.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda 2019-2025yillarda O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi vazifalariga muvofiq, shuningdek, tibbiyot va farmatsevtika ta’limi va ilm-fani tizimini yanada takomillashtirish, uning amaliy sog‘liqni saqlashga integratsiya qilinishini ta’minlash hamda tibbiy yordam ko‘rsatish darajasini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar tibbiyot va farmatsevtika ta’limi va ilm-fanini yanada rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari deb hisoblansin:
birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalari uchun umumiy amaliyot vrachlari ichidan ehtiyoj yuqori bo‘lgan tor mutaxassisliklar bo‘yicha shifokorlarni tayyorlashni tashkil etish;
tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini tayyorlash va uzluksiz kasbiy ta’limi jarayonlariga o‘qitishning kredit-modul tizimini joriy etish;
tibbiyot va farmatsevtika kadrlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimining markazlashtirilishiga barham berish, ularning uzluksiz kasbiy ta’lim bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlash;
tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qitish jarayonlarini monitoring qilish va shaxsiy hisobga olishni ta’minlash;
tibbiyot va farmatsevtika ilm-fanini, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi innovatsiyalarni jahon darajasigacha rivojlantirish, ularni global ilmiy maydoniga integratsiya qilinishini ta’minlash;
kadrlarni tayyorlash, ta’lim, ilm-fan va amaliyotni integratsiya qilishning uzluksizligini ta’minlash maqsadida tibbiyot va farmatsevtika muassasalarining klinikalari, o‘quv va o‘quv-ishlab chiqarish bazalarini rivojlantirish.
2. Quyidagilar:
Tibbiyot va farmatsevtika ta’limi va ilm-fani tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;
2025 yilga qadar tibbiyot va farmatsevtika ta’limi va ilm-fanini rivojlantirish sifatini baholash indikatorlari 2-ilovaga muvofiq;
Tibbiyot va farmatsevtika oliy ta’lim yo‘nalishlari, o‘qitish muddatlari va bitiruvchilarga beriladigan malakalar ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;
O‘rta maxsus tibbiyot ta’lim yo‘nalishlari, o‘qitish muddatlari va bitiruvchilarga beriladigan malakalar ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimi tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va uzluksiz kasbiy ta’lim muassasalari tashkiliy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot va farmatsevtika ta’limi va ilm-fani sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga quyidagi huquqlar berilsin:
belgilangan tartibda davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish, o‘quv jarayonini amaliyot va ilg‘or xalqaro tajribaga integratsiyalashuvini ta’minlashni inobatga olgan holda tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va uzluksiz kasbiy ta’lim tizimining malaka talablari, o‘quv rejalari va o‘quv dasturlarini tasdiqlash;
tibbiyot va farmatsevtika ta’limi yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mustaqil ravishda takliflar kiritish;
faqatgina o‘quv va amaliyot xarakteriga ega chora-tadbirlar bo‘yicha ish vaqtini hisobga olishga tayangan holda tibbiyot va farmatsevtika ta’limining (shu jumladan, kredit-modulli o‘qitish tizimi sharoitida) o‘ziga xosligini hisobga olgan holda mustaqil ravishda professor-o‘qituvchilarning mehnat me’yorlarini belgilash, shuningdek, pedagogik xodimlar tomonidan ilmiy-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-uslubiy, ma’naviy-axloqiy va tarbiyaviy ishlarning bajarilishini rag‘batlantirish;
uzluksiz kasbiy ta’lim tizimida tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonlari ustidan yagona tashkiliy va o‘quv-uslubiy rahbarlikni ta’minlash;
o‘qitishning umumiy xarajatlaridan kelib chiqqan holda klinik ordinatura (rezidentura)da to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish narxi miqdorini belgilash.
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining ehtiyoj yuqori bo‘lgan tor mutaxassisliklar bo‘yicha shifokorlarni sog‘liqni saqlashning birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalari uchun bir yildan kam bo‘lmagan muddatda birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarida tayyorlashni tashkil etish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslariga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi davlat tibbiyot muassasalari va hududiy sog‘liqni saqlash tashkilotlari tomonidan tegishli sohalarda kadrlar tanqisligini inobatga olgan holda shakllantiriladigan talabnomalarga asosan umumiy amaliyot shifokorlari qabul qilinadi;
shifokorlarni birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida ularni ta’minlab turish uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari doirasida amalga oshiriladi;
birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslari yakunida shifokorlarga olingan ixtisoslik bo‘yicha faqatgina sog‘liqni saqlashning birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalarida faoliyat yuritish huquqini beruvchi belgilangan namunadagi sertifikat taqdim etiladi;
birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarini tamomlagan shifokorlar ularni o‘qishga yo‘llagan muassasada egallangan tor mutaxassislik bo‘yicha kamida uch yil ishlab berishlari shart;
talab etiladigan mutaxassisliklar bo‘yicha shifokorlarni birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarida o‘qitishning tartibi, dasturlari
va muddatlari, shaxslarni birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslariga saralab olish kvotalari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilab beriladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
a) 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab tibbiyot va farmatsevtika kadrlari uchun muammolarga yo‘naltirilgan modulli o‘quv dasturlari, seminar, konferensiya, vebinar, mahorat darslari, simulyatsion treninglar va boshqa o‘qitish kurslari negizida har yili malaka oshirishni nazarda tutuvchi kredit-modulli o‘qitish tizimiga asoslangan, uzluksiz kasbiy ta’lim tizimini joriy etsin;
b) tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini uzluksiz kasbiy ta’lim olishi tizimi asosida o‘qitish huquqi belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tgan quyidagi muassasalarga taqdim etilsin:
tibbiyot va farmatsevtika, shu jumladan, nodavlat oliy ta’lim muassasalari;
respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot hamda ilmiy markazlari, ularning filiallari, ilmiy-tekshirish institutlari;
hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari.
Belgilansinki, uzluksiz kasbiy ta’lim tizimi asosida o‘qitish natijalari bo‘yicha shifokorlar va provizorlarni yakka tartibda litsenziyalashda hisobga olinadigan, to‘plangan kreditlarni inobatga oluvchi belgilangan namunadagi sertifikat beriladi;
v) 2019 yil 1 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy saytida malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarida ta’lim olayotgan har bir tibbiyot va farmatsevtika xodimini monitoring qilish va o‘qitish hajmini shaxsiy hisobga olish imkoniyatini ta’minlovchi “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus portalini yaratsin.
6. Uzluksiz kasbiy tibbiyot ta’limida to‘planadigan kreditlar hajmi 6-ilovaga muvofiq belgilansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining kadrlarni uzluksiz tayyorlashni ta’minlash, shuningdek, ta’lim va ilm-fan jarayonlarini tibbiyot amaliyoti bilan integratsiya qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
Toshkent tibbiyot akademiyasining birinchi, ikkinchi va uchinchi klinikalari negizida zamonaviy tibbiyot ta’lim klasterini yaratish orqali Toshkent tibbiyot akademiyasining Ko‘p tarmoqli klinikasini tashkil etish;
tibbiyot va farmatsevtika oliy ta’lim muassasalari tarkibiy tuzilmasiga byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan davolash (amaliyot) ishlari prorektori (direktor o‘rinbosari) lavozimi va ikkita shtat birliklaridan iborat klinik (o‘quv) bazalari bilan ishlash bo‘limini tashkil etish;
tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan ta’minlanuvchi anatomik morglar, o‘quv-biologik laboratoriya (vivariy)lar va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish;
Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida o‘quv-simulyatsion markazlarni tashkil etish.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan tibbiyot tashkilotlarini qayta tashkil etish bo‘yicha tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
9. Belgilansinki:
a) tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining klinikalari:
tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining tarkibiy bo‘linmalari va klinik fanlarni o‘qitish uchun asosiy baza hisoblanadi, shuningdek, kafedra xodimlari bilan birgalikda o‘quv jarayonini tashkil etish, aholiga ixtisoslashtirilgan xizmat ko‘rsatish, tibbiyot sohasida ilmiy-tekshiruv izlanishlarini olib borishda faol ishtirok etadi;
klinika shifokor xodimlari tarkibini shakllantirishda tibbiyot oliy ta’lim muassasasi kafedralari professor-o‘qituvchilarining soni 50 foizdan kam bo‘lmasligini ta’minlaydi;
tibbiyot oliy ta’lim muassasasi kafedralari xodimlarini dars jadvali va o‘quv rejaga muvofiq yetarli o‘quv xonalari, shuningdek, pedagogik hamda ilmiy-tekshirish faoliyati uchun sharoitlar bilan ta’minlaydi;
b) tibbiyot oliy ta’lim muassasalari klinikalarining bosh shifokorlari:
yashirin ovoz berish yo‘li orqali oliy ta’lim muassasasi Kengashining taqdimnomasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
kafedra xodimlarining to‘laqonli ta’lim, davolash-diagnostika va ilmiy faoliyatini tashkil etishni ta’minlash yuzasidan shaxsan javobgar hisoblanadilar.
10. 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga ko‘ra, respublikaning olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlaridagi birlamchi sog‘liqni saqlash bo‘g‘inlari davlat muassasalarida uch yildan kam bo‘lmagan muddat ishlab bergan shifokorlarga klinik ordinaturaga (rezidenturaga) kirishda tanlov sinovlari natijalari bo‘yicha yig‘ilgan ballar summasidan 30 foiz miqdorida qo‘shimcha ballar taqdim etilishi;
tibbiyot oliy ta’lim muassasalari, malaka oshirish institutlari, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari va ularning filiallari xarajatlarining byudjet smetalarida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida, shuningdek, to‘lov-kontrakt asosida klinik ordinatorlar (rezidentlar)ni o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan klinik ordinator (rezident) rahbariga bir yilda 100 soat hisobidan bir nafar klinik ordinator (rezident)ga rahbarlik uchun soatbay to‘lovlar to‘lanishi belgilansin.
Tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga dars berish faoliyatida ishtirok etishi uchun davolash-profilaktika muassasalaridan jalb qilinadigan malakali mutaxassislarga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirayotganlar mablag‘lari hisobidan lavozim maoshiga 100 foizgacha bo‘lgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar belgilash huquqi berilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:
kredit-modulli o‘qitish tizimini joriy etish orqali oliy tibbiyot va farmatsevtika ta’limi davlat ta’lim standartlari, tibbiyot va farmatsevtika kadrlarining malakasini oshirish, qayta tayyorlash davlat talablarini ishlab chiqish;
ta’lim jarayonida klinikagacha va klinik modullar, shu jumladan, klinik o‘quv amaliyoti bo‘yicha o‘quv soatlarini oshirish hisobiga amaliy tarkibiy qismini kuchaytirish;
kredit-modul tizimini joriy etish orqali magistratura va klinik ordinatura (rezidentura)da egallanayotgan amaliy ko‘nikmalarning murakkabligiga bog‘liq holda ta’lim muddatlarini optimallashtirish orqali o‘qitish jarayonini takomillashtirish;
ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, o‘qitish davri uchun kreditlar me’yorlarini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, 100 ballik reyting tizimini qo‘llagan holda o‘quvchi va talabalarning har bir modul bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari o‘zlashtirilishini nazorat qilishni ta’minlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
xalqaro moliya institutlari mablag‘lari, jismoniy va yuridik shaxslarning xayriyalari, shuningdek, tibbiyot va farmatsevtika ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 2020 yildan boshlab har yili tibbiyot va farmatsevtika oliy ta’lim muassasalari talabalari va tibbiyot kollejlarining o‘quvchilari orasida klinik fanlar bo‘yicha Ibn Sino nomidagi xalqaro tibbiyot olimpiadalari, shuningdek, yosh olimlar orasida Ibn Sino nomidagi xalqaro ilmiy tanlovlar o‘tkazilishini ta’minlasin;
har yili 1 sentyabrga qadar davlat tibbiyot muassasalari va hududiy sog‘liqni saqlashni boshqarish tashkilotlarining talabnomalari asosida respublika hududlari kesimida tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi muassasalari va bo‘linmalari uchun uzluksiz kasbiy ta’lim kurslarida o‘qitish rejalarini tasdiqlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda tibbiyot va farmatsevtika ta’lim muassasalari, respublika ilmiy-amaliy markazlari va ularning filiallari, ilmiy-tekshirish institutlari uchun imtiyozli yuqori tezlikdagi internet-tariflarini joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy ta’lim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2956-son qarorining 2-bandi ikkinchi xatboshi va 3-bandi, shuningdek, ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
tibbiyot oliy ta’lim muassasalari klinikalari, farmatsevtika ta’lim muassasalarining o‘quv va o‘quv-amaliyot bazalari namunaviy nizomini tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019 yil 6 may
LiveBarchasi