Kaddafiy o‘g‘lining dafn marosimi o‘tkazildi
Olam
−
07 fevral 4455 2 daqiqa
Kecha, 6 fevral kuni Liviyada sobiq yetakchi Muammar Kaddafiy o‘g‘li Saif al-Islom Kaddafiyning dafn marosimi bo‘lib o‘tdi va unda minglab odamlar ishtirok etdi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Marosim kecha, 6 fevral kuni Tripoli shahridan 175 kilometr janubda joylashgan Bani Valid shahrida bo‘lib o‘tgan.
Saif al-Islom Kaddafiy 4 fevral kuni Liviyaning shimoli-g‘arbidagi Zintan shahrida joylashgan uyida otib o‘ldirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u uyiga bostirib kirgan to‘rt nafar qurollangan noma’lum shaxs bilan to‘qnashuv vaqtida halok bo‘lgan.
Liviya Bosh prokuraturasi Kaddafiy o‘q jarohatlari oqibatida vafot etganini tasdiqlagan. Hodisa yuzasidan tergov olib borilayotgani ma’lum qilingan. Hozircha gumondorlar aniqlanmagan.
Dafn marosimiga yig‘ilganlar uni sobiq rahbarning vorisi deb bilishgan. Saif al-Islom Kaddafiy otasining 40 yillik hokimiyati davrida bironta rasmiy lavozimda bo‘lmagan, biroq amalda muhim siyosiy rol o‘ynagan. U o‘zini islohotchi sifatida ko‘rsatib, xalqaro mojarolar bo‘yicha muzokaralarda qatnashgan.
2021 yilda Saif al-Islom Kaddafiy prezidentlikka nomzodini qo‘ygan, biroq mamlakatda rejalashtirilgan saylovlar siyosiy bo‘linish sababli o‘tkazilmagan.
Ma’lumot uchun, Saif al-Islom Kaddafiy 1972 yil 25 iyunda tug‘ilgan bo‘lib, 2011 yil kuzida o‘ldirilgan Liviya rahbarining ikkinchi o‘g‘li edi. 1997–1998 yillarda u Kaddafiy xalqaro xayriya va hamkorlik jamg‘armasini tashkil etishga tashabbus ko‘rsatgan. Jamg‘arma rahbari sifatida u afg‘on toliblari va Filippindagi isyonchilar bilan g‘arbiy garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar olib borgan. 2003 yilda Buyuk Britaniya bilan savdo munosabatlari bo‘yicha muzokaralarda faol ishtirok etgan.
2008 yilda Saif siyosatdan ketishini va otasining vorisi bo‘lish niyati yo‘qligini e’lon qilgan. 2010 yilda u G‘azo sektoriga qo‘yilgan blokadani yumshatishda faol qatnashgan. 2011 yilda fuqarolar urushi vaqtida otasi halok bo‘lgach, Saif qo‘zg‘olonchilar tomonidan qo‘lga olinib, sudga tortilgan. 2015 yilda 2011 yilgi namoyishlarni bostirish bilan bog‘liq ish bo‘yicha o‘lim jazosiga hukm qilingan. Ammo, 2017 yil o‘rtalarida umumiy amnistiya to‘g‘risidagi qonun asosida ozod qilingan.
2021 yilda Liviya rasmiy prokuraturasi uni “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari bilan aloqadorlikda gumon qilib, hibsga olish orderini chiqargan.
Muammar Kaddafiy Liviyani 42 yil boshqargan va NATO tomonidan qo‘llab-quvvatlangan muxolifat oqibatida hokimiyatdan ag‘darilgan. 2011 yil 20 oktyabrda u Sirta shahri yaqinida isyonchilar tomonidan o‘ldirilgan. Shundan so‘ng Liviya yagona davlat sifatida faoliyat yurita olmay qolgan va raqobatdagi ma’muriyatlarga bo‘linib ketgan.
Jamshidbek Amirov