Kadastr organlari endi hokimga bo‘ysunmaydi – Prezident farmoni

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etildi.

Kadastr agentligi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, geodeziya va kartografiya hamda davlat kadastrlarini yuritish sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Ushbu Agentlik yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish hamda davlat kadastrlarini yuritish tartibini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ham ko‘rib chiqadi.

Farmon bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilindi. Ushbu qarorga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari negizida Kadastr agentlining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) bo‘limlari tashkil etildi. Ularning boshliqlari Kadastr agentligi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. Bundan kelib chiqadiki, endi ular faqat Kadastr agentligiga bo‘ysunadi.

Eslatib o‘tamiz, hozirga qadar “Davergeodezkadastr” qo‘mitasining hududiy boshqarmalari ushbu Qo‘mitaga, shuningdek tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga hisobot berar, ularning boshliqlari esa “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi raisi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanar edi (Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi 529-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom).


Maqola muallifi

Teglar

kadastr

Baholaganlar

331

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing