Qo‘ynidan to‘kilsa qo‘njiga. Putin jiyanini “zamministr”likka tayinladi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘z qarindoshini Mudofaa vaziri o‘rinbosari etib tayinladi. Putin Anna Sivilevani ushbu lavozimga tayinlash to‘g‘risida imzolagan farmon kecha, 17 iyun kuni Rossiya Federatsiyasining rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.

Amaldagi Energetika vazirining rafiqasi Anna Sivileva Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirining yangi o‘rinbosari etib tayinlandi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u Putinning jiyani va ularning munosabatlari ommadan ehtiyotkorlik bilan yashirilgan.

Anna Sivileva ilgari Kemerovo viloyatini boshqargan va hozirda Rossiya Energetika vaziri lavozimida faoliyat yuritayotgan Sergey Sivilevning rafiqasi hisoblanadi. Ommaviy axborot vositalari Sivilevaning Putin bilan ehtimoliy munosabatlari haqida bir necha bor yozgan. Jurnalistlarning fikriga ko‘ra, u Prezidentning amakivachchasi va bunga yetarlicha dalillar ham mavjud.

Anna Sivileva (Anna Putina) Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga amakivachcha bo‘lgan Yevgeniy Putinning qizi hisoblanadi. Ular bir-biriga qanchalik yaqin ekanligini Putinlar oilasini o‘zida jam qilgan eski suratdan anglab olish qiyin emas.

Sivileva Ivanovoda tug‘ilgan va u yerda 2000 yillarning boshlariga qadar psixiatriya shifoxonasida shifokor bo‘lib ishlagan. Putin hokimiyatga kelganidan ko‘p o‘tmay, u Moskvaga ko‘chib o‘tdi va poytaxtda istiqomat qilishni boshladi. 2007 yilda Anna Sergey Sivilevga turmushga chiqdi.

“The Insider” ma’lumotlariga ko‘ra, Anna Sivileva “Kolmar” yirik ko‘mir kompaniyasiga egalik qiladi. O‘z vaqtida ushbu kompaniyaga davlat tomonidan keng miqyosda yordam berilgani haqida ayrim agentliklar tekshiruv e’lon qilgan. Sivilevlar 2012 yilda “Kolmar”ning ulushlariga ega bo‘ladi. Ayni damda esa Putinning jiyani ushbu kompaniyaning asosiy benefitsiari hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida, 2023 yil oxirida Anna Sivileva Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Putin Anna Tsivileva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing