“Qo‘ylar podasi... Keting qishlog‘ingizga” – “LUKOYL” mansabdori o‘zbek ishchilarini haqoratlaganiga chora ko‘riladimi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi neft-gaz ob’ektida olingan video tarqaldi. Videoda “LUKOYL” mansabdori ishchilarni haqorat qilgani tasvirlangan.

Rossiyaning “LUKOYL” kompaniyasi amaldori ishchilardan biri qo‘llanmaga nomuvofiq ishlagani uchun uni qo‘ylar podasi va boshqa og‘ir haqoratli so‘zlar bilan tahqirlaydi.

“Hech kim nazorat qilmaydi. Nega bu yerda qo‘ylar podasi bo‘lib turibdi? Qo‘llanmani nega yozdik? Keting uyingizga, qishlog‘ingizga”, deya ishchilarni kamsitgan “Lukoyl” mansabdori.

Xalqaro ommaviy axborot vositalari tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, videodagi “tili shirin” amaldor “LUKOYL” Uzbekistan Operating Co bosh energetigi Ivan Aleksandrovich Shilov. Shuningdek, haqoratlangan ishchilar o‘zbek mansabdorlariga shikoyat qilganida hech qanday chora ko‘rilmagani ta’kidlangan.

Mazkur videoda tasvirlangan holat yuzasidan hozircha hech bir rasmiy davlat idorasi tushuntirish bermadi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, O‘zbekistonda odatda ishchilarlarga bunday munosabat xususiy korxona va tashkilotlarda emas, balki hokimliklar, davlat boshqaruv idoralarida uchrar edi. Bu xususiy korxonalarda rahbar va ishchi munosabatlari a’lo darajada degani emas. Shunchaki, yirik shirkatning rahbariyati xodim bilan haqoratli muloqotda bo‘layotgani bilan bog‘liq video birinchi bor ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda.

Ma’lumot uchun, “LUKOYL” Uzbekistan Operating Co`ning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri gaz qazib olish hisoblanadi.

“LUKOYL” Uzbekistan Operating Co O‘zbekiston hududida o‘z faoliyatini “Qandim-Xauzak-Shodi”, “Janubi-G‘arbiy Hisor” va “Orol” loyihalari bo‘yicha Mahsulotni taqsimlash kelishuvlari (MTK) asosida amalga oshirmoqda. “O‘zbekneftegaz” Milliy xolding kompaniyasi (MXK) mazkur loyihalar bo‘yicha Kompaniyaning strategik hamkori hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo Lukoyl haqorat

Baholaganlar

430

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing