Quyoshning hech kim ko‘rmagan tasvirlari e’lon qilindi

Bu qiziq

image

Dunyodagi eng kuchli quyosh teleskopi yordamida olimlar Quyosh yuzasini misli ko‘rilmagan darajada yuqori aniqlikda tasvirga olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar qildi.

Qayd etilishicha, Inoue teleskopi orqali Quyosh plazmasidagi ilk bor bunday detallarda ko‘rinishi mumkin bo‘lgan girdobsimon tuzilmalar surat va videoga muhrlangan.  

Quyoshdagi plazma harakati uning magnit maydonini o‘zgartiradi va aylanma harakatlarni yuzaga keltiradi. Bu jarayon Quyoshdagi katta energiya portlashlarining harakatlantiruvchi kuchlaridan biri hisoblanadi. Mazkur hodisalar “kosmik ob-havo”ning bir qismi bo‘lib, ular Yerdagi elektr tarmoqlari va sun’iy yo‘ldoshlar ishiga xalal berishi, hatto kosmonavtlar uchun xavf tug‘dirishi mumkin.

AQSH Milliy quyosh rasadxonasi xodimi doktor Devid Boboltzning ta’kidlashicha, yangi tasvirlar olimlarga kosmik ob-havoni yaxshiroq tushunish va unga samaraliroq tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi.

“Kosmik ob-havoni tushunish va oxir-oqibat uni bashorat qilish uchun Quyosh fizikasini eng kichik masshtablargacha anglashimiz kerak”, degan u.

Olimlarning tadqiqot natijalari bilan birga olingan tasvirlar “Nature” jurnalida e’lon qilingan. Tadqiqot Inoue teleskopi yordamida amalga oshirilgan. U dunyodagi eng yirik quyosh teleskopi bo‘lib, Gavayidagi tog‘ cho‘qqisiga o‘rnatilgan. Teleskop uchun mazkur hudud osmonining tozaligi va chang miqdorining kamligi sababli tanlangan.

Tadqiqotchilar Quyosh yuzasidagi aylanib, bir-biriga o‘ralayotgan girdoblarni yuqori darajadagi detallar bilan tasvirga tushirgan.

AQSH Milliy quyosh rasadxonasi astronomi David Kuridzening so‘zlariga ko‘ra, bunday aylanma harakatlar magnit energiyasini hosil qiladi. Ushbu energiya ma’lum vaqt davomida to‘planib, keyinchalik katta miqyosdagi portlashlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Quyoshdagi “portlashlar” – kosmik ob-havo hodisasi

Olimlar o‘rgangan hodisa Kelvin–Gelmgols beqarorligi deb ataladi. U gaz yoki suyuqlik qatlamlari, mazkur holatda esa ionlashgan gaz – plazma o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir natijasida yuzaga keladi. Bunday ta’sir muhitda dastlabki buzilishni keltirib chiqaradi va u aylanuvchi girdobsimon tuzilmalarga aylanadi. Xuddi shu hodisa okeanlardagi ayrim to‘lqinlarning shakllanishida ham kuzatiladi.

 

Rasadxona xodimi Fridrix Vyogerning aytishicha, mazkur hodisaning Quyosh yuzasida aniqlanishi nafaqat kosmik ob-havoning dinamikasini tushunishga, balki Quyosh yuzasining nima uchun bunday yuqori haroratga ega ekanini anglashga ham yordam beradi. Uning ta’kidlashicha, mazkur jarayon energiyaning yuqori qatlamlarga qanday ko‘tarilishini ko‘rsatadi.

“Yuqori qatlamlarda yetarlicha energiya to‘planganida, u chaqnash yoki koronal massa chiqarilishi deb ataladigan hodisa ko‘rinishida ajralib chiqishi mumkin”, degan olim.

Devid Boboltzning ta’kidlashicha, tadqiqotning amaliy ahamiyati shundaki, insonlar kosmik ob-havoning mohiyati va undan qanday himoyalanish mumkinligini yaxshiroq tushunishi mumkin. Shu bilan birga, kashfiyot Quyoshni “noyob laboratoriya” sifatida o‘rganish imkoniyatini yana bir bor ko‘rsatadi.

“Bu bizga eng yaqin yulduz. U fizikaning asosiy qonunlarini tushunishga yordam beradi. Eynshteynning umumiy nisbiylik nazariyasining ilk eksperimental tasdig‘i ham Quyosh tutilishi kuzatuvlari natijasida olingan. Insoniyat bilimini boyitish uchun bunday tajribalarni davom ettirishimiz kerak”, degan Boboltz.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning 12 avgust kuni Quyosh tutilishi, Perseid meteor oqimining eng faol pallasi, Veneraning noyob holati va Somon yo‘lining eng yaxshi ko‘rinishi bir vaqtga to‘g‘ri kelib, osmon kuzatuvchilari uchun so‘nggi yillardagi eng noyob astronomik hodisalardan biriga aylanishi mumkinligi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing