“Faollik keskin o‘sdi”. Quyoshda kuchli chaqnashlar sodir bo‘ldi
Bu qiziq
−
17:03 590 2 daqiqa
Bugun, 25 avgustga o‘tar kechasi Quyoshda Yerda geomagnit bo‘ronlarini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan kuchli chaqnashlar qayta boshlandi. Bu haqda Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi xabar berdi.
Olimlarning ma’lumotiga ko‘ra, yarim tundan beri Quyoshda faollikning shiddatli o‘sishi qayd etilgan – xabar e’lon qilingan vaqtga kelib M darajasidagi (5 ballik shkala bo‘yicha 4-kategoriya) uchta kuchli chaqnash yuz bergan.
“Yulduzda to‘satdan yirik faol markaz uyg‘ondi, u ayni paytda bevosita ko‘rinadigan Quyosh diskining markazida, ya’ni Yerga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatish mumkin bo‘lgan hududda joylashgan.
Quyoshdagi tegishli dog‘lar guruhi bir haftadan beri kuzatilayotgan edi, biroq oxirgi kunlarda cheklangan faollik ko‘rsatib, “hisobdan chiqarilgan” edi – bu markaz o‘z energiyasini to‘liq sarflab bo‘lgan, “o‘lik” markaz deb hisoblangandi. Bugun boshlangan kuchli portlashlar seriyasi bu taxminni inkor etdi”, deydi laboratoriya vakillari.
Qayd etilishicha, Yer tomon plazma otilib chiqishi va bu bilan bog‘liq geomagnit bo‘ronlari bo‘yicha hozircha to‘g‘ridan to‘g‘ri prognozlar yo‘q, ammo xavf ehtimoli mavjud.
“Hozircha eng yuqori balli chaqnashlar kuzatilgani yo‘q, shuning uchun tarixiy rekordlar haqida gap bormayapti. Vaziyat 2-3 oylik masshtabda ajralib turibdi, ammo bir yil yoki undan ortiq yillar masshtabida emas”, deya qo‘shimcha qilgan olimlar.
Laboratoriya ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kun eng ahamiyatlisi bo‘ladi, chunki aynan bugun ushbu faollik vaqtinchalik bo‘ladimi yoki kuchayib boradimi, shu aniq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Quyoshning orqa tomonida yirik dog‘lar guruhi shakllangani haqida xabar berilgan edi. So‘nggi yillardagi eng xavfli faollik markazlaridan birini Solar Orbiter kosmik apparati qayd etgan.
Live
Barchasi