Quyosh yana Turkistondan chiqadigan kunlar yaqin – Erdo‘g‘an
Olam
−
13 noyabr 2021
13768Turkiy tilli davlatlar hamkorlik tashkiloti hech kimni bezovta qilmasligi, aksincha, qadimiy tarixiy va insoniy munosabatlarga asoslangan bu noyob tuzilmaning bir qismi bo‘lishga harakat qilishi kerak. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 12 noyabr kuni Istanbulda o‘tgan sammitdan so‘ng matbuot anjumanida gapirdi.
“Turkiy tilli davlatlar hamkorlik tashkiloti iqtisodiy yoki siyosiy manfaatlar hamkorligidan ham ko‘proq katta bir qalb birligidir. Bu birlikni qanchalik uzoq davom ettirsak, o‘zimiz, mintaqamiz va dunyo uchun shuncha ko‘p xayrli ishlarga qo‘l ura olamiz.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik tashkiloti hech kimni bezovta qilmasligi kerak, aksincha, qadimiy tarixiy va insoniy munosabatlarga asoslangan bu noyob tuzilmaning bir qismi bo‘lishga harakat qilishi kerak. Sivilizatsiyamiz va madaniyatimizning tabiiy yo‘l xaritasiga muvofiq, tashkilotga a’zo davlatlar sifatida har sohada aloqalarimizni rivojlantirishda davom etamiz”, deydi Rajab Toyib Erdo‘g‘an.
Istanbulda o‘tgan sammitda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi tashkilotga o‘zgartirildi. Shuningdek, Turkmaniston kuzatuvchi davlat sifatida tashkilotga qabul qilindi. Ayni vaqtda esa Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya, Qirg‘iziston va O‘zbekiston tashkilotning a’zo davlatlari sanaladi. Vengriya esa tashkilotda kuzatuvchi davlat maqomiga ega.
Erdo‘g‘an so‘zida davom etarkan, tashkilot atrofida to‘plangan davlatlar sovuq urush davridagi begonasirashga barham berganini aytadi.
"Ayni paytda barchamiz bu haqiqatni juda yaxshi ko‘rib turibmiz. Birodarlar o‘rtasidagi hamjihatlik va mehr-muhabbatga hech qanday to‘siq to‘sqinlik qila olmaydi.
Kelib chiqishi, madaniyati va ajdodlari umumiy bo‘lgan, bir ma’naviy xazinadan oziqlangan birodarlarni ajratadigan chegara yo‘q. Bugun bu yerda taqdim etgan fotosuratimizni Turkiy dunyo sifatida o‘rtamizdagi abadiy va azaliy birodarlikning yangi belgisi deb bilamiz. Sovuq urush yillarida bir-birini quchoqlab ko‘rishishni orzu qilgan aka-uka bugun birlik va hamjihatlikda umumiy kelajagini qurmoqda”, deydi Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an Turkiy tilli davlatlar hamkorlik tashkilotining rivojlanishi ortidan quyosh yana Sharqdan chiqadigan kunlar kelayotganiga urg‘u berdi.
“Umid qilamanki, quyosh yana sharqdan chiqa boshlaydigan vaqtlar yaqin. Ming yillar davomida sivilizatsiya beshigi bo‘lgan Turkiston zamini yana butun insoniyatning joziba va ma’rifat markaziga aylanadi. Biz a’zo va kuzatuvchi davlatlar sifatida tashkilotimizning institutsional tuzilmasi va qarashlarini ushbu masala bo‘yicha konsensusda mustahkamlash choralarini ko‘ryapmiz”, deydi Prezident
Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiy tilli davlatlar hamkorlik tashkilotining kelgusidagi faoliyati yo‘l xaritasiga ham to‘xtalib, shunday deydi:
“Terrorizm, ekstremizm, irqchilik va islomofobiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashimizni davom ettirish qat’iyatimizni yana bir bor hujjatlashtirdik. Iqlim o‘zgarishi va epidemiyalar kabi inqirozlarga qarshi birgalikda qadamlar tashlaymiz”, dedi u.