Quvurni yorgan qurilish. Mas’ullar nega qochyapti?
Jamiyat
−
04 iyul 1595 2 daqiqa
Kecha, 3 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi Yakkasaroy tumani Dilbuloq mahallasi hududida qurilayotgan ko‘p qavatli turarjoy binosining qurilish ishlarida ehtiyotsizlik oqibatida shaharning asosiy kanalizatsiya quvurlaridan birini yorib yuborilganligi haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ muxbiri voqea joyiga chiqib holatni o‘rgandi.
O‘rganish davomida mazkur qurilish ob’ekti “Better Best” nomli qurilish loyihasi ekanligi, ushbu turarjoy binosi 2200 ta xonadonga mo‘ljallanganligi aniqlandi. Biroq qurilish ishlarini amalga oshirgan kompaniyaga aloqador biror mas’ul shaxsni topishning imkoni bo‘lmadi.
Kanalizatsiya quvuri yorilgach, Yakkasaroy tuman Suvoqova tashkiloti xodimlari kengaytirilgan ishchi guruh bilan avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlarini olib borayotganiga guvoh bo‘ldik.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga muvofiq qurilish ishlari shaharsozlik normalari va qoidalari asosida amalga oshirilishi shart. Amaldagi sanitariya va shaharsozlik normalariga ko‘ra, diametri 1000 millimetrdan katta bo‘lgan magistral suv quvurlari atrofida har ikki tomondan kamida 20 metrgacha muhofaza hududi belgilanadi.
Bu hududda qurilish ishlarini amalga oshirish qat’iy talablar asosida va tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holdagina mumkin.
Jurnalistik surishtiruv davomida ushbu magistral quvurning diametri 1700 millimetr ekani ma’lum bo‘ldi. Biroq kuzatuvlarimizga ko‘ra, qurilish ishlari quvurning deyarli biqinida — taxminan 1,5–2 metr masofada olib borilgan.
Yakkasaroy tuman oqova suv tarmoqlari bo‘limi boshlig‘i Nuriddin Sayifxo‘jayevning aytishicha, mazkur qurilish ishlari ularning tashkilotidan tegishli texnik shartlar va ruxsatnomalar olinmasdan boshlangan.
Mazkur noxush hodisaning o‘zi qurilish jarayonlarida bir qancha qonun buzilish holatlari bo‘lganidan darak beradi.
Mas’ul tashkilotlar ushbu holatga huquqiy baho beradimi, qurilish ishlari qay tarzda va kimning ruxsati bilan amalga oshirilgani ochiqlanadimi — bu hozircha ochiq qolmoqda.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi