Quvonishga erta. Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaga nisbatan to‘nini teskari kiyib olishi mumkin

Olam

image

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishi bo‘yicha quvonishga hali erta. Agar mamlakatlar Turkiyaning oldidagi majburiyatini bajarmasa, Erdo‘g‘an yana to‘nini teskari kiyib olishi mumkin. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 30 iyun kuni Madridda NATO sammitidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi. 

Prezident gapni uzoqdan boshlab, NATOning terrorizmga qarshi kurashishiga to‘xtaldi. 

“NATO bloki terrorizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashda qat’iylik ko‘rsatishi juda muhim. Qolaversa, bu qat’iyat qog‘ozda qolib ketmay, real harakatlarda namoyon bo‘lishi kerak”, deydi Turkiya rahbari. 

Davlat rahbari Turkiya 40 yildan beri “Kurdiston ishchi partiyasi” terror tashkiloti bo‘lginchilariga qarshi kurash olib borayotganini eslatdi.  

“Turkiyaning minglab o‘g‘il-qizlari terrorchilarga qarshi kurashda halok bo‘ldi. Bizning kutishga sabrimiz ham, vaqtimiz ham qolmadi. Biz jarayonlarning kechikishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, deydi u. 

Prezident Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lish uchun arizalari masalasida Anqara ko‘rsatgan pozitsiyasi Turkiyaning terrorizm masalasidagi “qizil chizig‘i”ning ko‘rsatkichidir. 

Turkiya rahbari NATOning kengayishi mavzusiga to‘xtalar ekan, “Shvetsiya va Finlyandiya bilan imzolangan uch tomonlama deklaratsiya qiyin muzokaralar jarayonidan so‘ng Turkiya va turk xalqi uchun diplomatik g‘alaba” ekanini ta’kidladi. U erishilgan kelishuvlar doirasida Shvetsiya 73 nafar terroristni Turkiyaga ekstraditsiya qilishga va’da berganligini urg‘uladi. 

Davlat rahbari Anqara uch tomonlama memorandum qoidalari ijrosini diqqat bilan kuzatib borishini va ishlarning haqiqiy holatini hisobga olgan holda keyingi qadamlarini qo‘yishini qo‘shimcha qildi.  

“Agar Skandinaviya davlatlarining arizasi Turkiya parlamenti tomonidan tasdiqlanmasa, NATOga qabul qilish jarayoni yakunlanmaydi. Shuning uchun Finlyandiya va Shvetsiya o‘z majburiyatlarini bajarishlari kerak. Bu davlatlar “Kurdiston ishchi partiyasi”, “Suriya xalq mudofaasi otryadi” va FETO terroristlariga eshiklarini yopishi kerak. Milliy qonunchilikka zarur o‘zgartirishlar kiritilishi kerak. Agar bu talablar bajarilmasa, ular xafa bo‘lmasin, biz tegishli choralarni ko‘ramiz. Agar bu talablar bajarilmasa, bu masala Turkiya parlamentida muhokama qilinmaydi”, deydi Erdo‘g‘an.

Eslatib o‘tamiz,  28 iyun kuni Turkiya, Finlyandiya Prezidentlari, Shvetsiya Bosh vaziri va NATO Bosh kotibi ishtirokida NATO sammiti oldidan to‘rt tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar natijasiga ko‘ra, uch mamlakat Tashqi ishlar vazirlari “Uchlik memorandumi”ni imzoladilar. Memorandumga ko‘ra, Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda barcha talablarni bajaradi, Turkiyada terroristik tashkilot deb tan olingan tuzilmalar – "Kurdiston ishchi partiyasi", "Suriya xalq mudofaasi otryadi" va FETO bilan muloqotni to‘xtatadi va o‘zi ham ularni terroristik tashkilot sifatida qayd etadi. Qolaversa, milliy qurol-yarog‘ embargosi olib tashlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an NATO sammiti

Baholaganlar

80

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing