Quvayt Amiri parlamentni tarqatib yubordi
Olam
−
11 may
5699Quvaytda parlament saylovlaridan bir yarim oy o‘tib, Amir Shayx Mish’al al Ahmad al-Jobir as-Saboh parlamentni tarqatib yubordi va konstitutsiyaning bir qator moddalarini to‘rt yil muddatga to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda Amir davlat televideniyesi orqali efirga uzatilgan xalqqa murojaatida ma’lum qildi.
“Bu vaqt ichida mamlakatda demokratik jarayonning barcha jihatlari ko‘rib chiqiladi”, degan al-Jobir as-Saboh.
Shuningdek, u demokratiyadan davlatni yo‘q qilish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi.
Bildirilishicha, to‘rt yillik o‘tish davri uchun Quvaytda qonun chiqaruvchi vakolatlar Amir va Vazirlar Mahkamasiga o‘tadi. Al-Jobir as-Sabah bir qator deputatlarni Amirning valiahd shahzodani tanlash vakolatiga va hukumatni shakllantirish shartlarini belgilashga aralashishda aybladi. U aniq ismlarni aytmadi.
Valiahd shahzoda – odatda Quvaytning keyingi hukmdori – hozirgi Amir tomonidan tayinlanadi. Qonunga ko‘ra, taxt Amir vafotidan so‘ng avtomatik tarzda valiahd shahzodaga o‘tadi, biroq merosxo‘r parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Aprel oyi boshida saylangan yangi parlament 12 may kuni birinchi majlisga yig‘ilishi kerak edi, biroq bir qator deputatlar hukumat ishida ishtirok etishdan bosh tortdi. Quvayt Konstitutsiyasiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi tuzilishidan oldin kamida bitta deputat vazirlik vakolatlarini o‘z zimmasiga olishi kerak, biroq Bosh vazirlikka nomzod yangi saylangan deputatlardan birortasini ishontira olmadi.
4,5 million aholisi bo‘lgan Quvaytda hokimiyat asosan hukmron Saboh oilasi a’zolari qo‘lida to‘plangan, biroq 1962 yilda mamlakat arab dunyosida birinchi bo‘lib parlament tizimini joriy qilgan va Fors ko‘rfazidagi boshqa hech bir davlatda qonun chiqaruvchi hokimiyat Quvaytdagi kabi katta ta’sirga ega.
Bundan tashqari, deputatlar hukumat a’zolarini ochiq so‘roq qilish va davlat byudjetiga ta’sir o‘tkazish huquqiga ega. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda Quvayt hukumatining faoliyati vaqti-vaqti bilan saylangan deputatlar va Amir tomonidan tayinlangan vazirlar o‘rtasidagi siyosiy nizolar uchramoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning 16 dekabr kuni Quvaytni 2020 yil sentyabridan beri boshqarib kelayotgan amir shayx Navaf al-Ahmad al-Jobir as-Saboh 86 yoshida vafot etgandi. Yangi Amir Mish’al al Ahmad al-Jobir 20 dekabr kuni Milliy Assambleya oldida qasamyod qildi va rasman mamlakat rahbari bo‘ldi. Amir rasman qasamyod qilganidan keyingi birinchi nutqida qonunchilar va ijroiya hokimiyatni mamlakat va xalq manfaatlariga zarar yetkazayotgani uchun qattiq qoralagan. Amirning keskin bayonotidan bir necha daqiqa o‘tib, hukumat iste’foga chiqqan.
LiveBarchasi