Qo‘shtepa mashmashasi: Markaziy Osiyoda suv uchun “urush” boshlanishi mumkinmi?

Tahlil

image

Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali doimiy qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan hududlarga suv yetkazib berish orqali qishloq xo‘jaligi landshaftini o‘zgartirishga qaratilgan. Qurilish tugagach, kanal 285 kilometrga cho‘ziladi va mamlakatning qurg‘oqchil shimoliy viloyatlarini sug‘orishga yordam beradi. O‘zbekiston va Turkmaniston esa bundan xavotirda. Kanal Amudaryo resurslarini yo‘naltiradi va sovet davridan buyon bu manbadan foydalangan ikki davlat uchun suv ta’minotini to‘xtatadi. O‘zbekiston va Turkmaniston 2028 yilda suv yo‘li qurib bitkazilganidan so‘ng hozirgi suv oqimining 15 foizgacha qismini yo‘qotishi mumkin. “Cabar.asia” nashri ushbu kanal qurilishi Markaziy Osiyo davlatlariga qanday ta’sir ko‘rsatishi bo‘yicha maqola e’lon qildi.

Nashrning qayd etishicha, aprel oyida O‘zbekiston delegatsiyasi Qobulga tashrifi chog‘ida Afg‘onistonning shimoliy viloyatlariga suv oqimini yo‘naltirish rejasidan xavotir bildirgan. “Tolibon” bunga javoban, Qobul ham qo‘shnilari kabi suvdan foydalanish huquqiga egaligi va uch davlat o‘rtasida bu bo‘yicha rasmiy kelishuvlar yo‘qligini bildirgan.

Ushbu qiymati 684 million dollar bo‘lgan loyiha qabul qilinishidan oldin bir necha yil davomida ishlab chiqilgan va tayyorgarlik ishlari olib borilgan. Uning texnik-iqtisodiy asoslash ishlari AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi USAID ko‘magida Afg‘onistonning sobiq hukumati davrida boshlangan.

“Bu ko‘p yillar oldin amalga oshirilishi kerak bo‘lgan Afg‘onistonni rivojlantirish loyihasi. Bundan Markaziy Osiyo davlatlari jabr ko‘rishi aniq, biroq Afg‘oniston o‘z rivojlanishi uchun Amudaryo suvidan foydalanishga haqli”, deydi Germaniyaning Shtutgart universitetining suv va ekologiya bo‘yicha eksperti Najibulla Sadid.

Davlatlar transmilliy daryolardan foydalanish huquqiga ega ekanini tasdiqlar ekan, Tojikiston Milliy universiteti xalqaro huquq professori Nekruz Qodirov bu oqimning yuqoriga ham, quyi oqimiga ham tegishli ekanini ta’kidlagan.

“Transchegaraviy daryolarda suv taqsimoti masalasi davlatlararo shartnomalar asosida tartibga solinadi. Masalan, Tojikiston bu masalada O‘zbekistonning huquqlarini poymol qila olmaydi. Qolaversa, Afg‘oniston quyi oqimdagi davlatlar huquqlarini e’tiborsiz qoldira olmaydi. Agar Afg‘oniston yoki Tojikiston faqat o‘z manfaatlarini hisobga olsa, O‘zbekiston va Qozog‘iston manfaatlari nima bo‘ladi?", deydi Nekruz Qodirov.

Afg‘onistondagi suvga tashnalik va muammolar

2021 yil avgust oyida hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” avvalgi hukumat boshlagan ishni davom ettirdi. Bu vaqtga kelib kanalning yetti kilometri qurilgan edi. Qurilish ularning hukumati davrida tezlashdi va sun’iy yo‘ldosh tasvirlari shuni ko‘rsatadiki, kanalning taxminan 100 kilometri 2022 yil martidan 2023 yil mayigacha qurilgan.

Qayd etish joizki, suv Afg‘oniston uchun muhim resurs hisoblanadi, chunki mamlakat misli ko‘rilmagan gumanitar inqirozga yuz tutmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 17 millionga yaqin aholining 40 foizi oziq-ovqat yetishmasligi muammosidan aziyat chekadi. Aholining 80 foizi tirikchiligi qishloq xo‘jaligiga bog‘liq ekan, iqlim o‘zgarishining ta’siri ekinlarning o‘sish davri va hosildorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soladi. Afg‘onistonning cho‘l hududlari orasida suv resurslarining katta zaxiralari saqlanib qolgan.

Mamlakat suvlarining 80 foizidan ortig‘i Hindukush tog‘laridan boshlanadi, ular yozda qor erishi bilan yil davomida asosiy daryolarning oqib turishiga asos bo‘ladi. Biroq, infratuzilmaning yetarli emasligi suvdan uzluksiz foydalanish imkonini bermaydi. Afg‘onistondagi to‘qnashuvlar va bosqinchilik keng ko‘lamli gidrotexnik inshootlar va kanallarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilgan. Nashrga ko‘ra, mamlakatda qurilish sifati dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar shuni ko‘rsatadiki, qurilish usullari ibtidoiy bo‘lib, kanal tubi va qirg‘oqlari uchun haqiqiy armatura yo‘q.

Bu quruq qumli tuproqqa oqib tushishi oqibatida sezilarli darajada suv yo‘qotish xavfini tug‘diradi, sug‘oriladigan yerlarning sho‘rlanishi va botqoqlanishi bilan bog‘liq dolzarb muammolarni yanada kuchaytiradi. Yaqinda sodir bo‘lgan voqealar kanal to‘g‘onining qismlari eroziyasidan dalolat beradi.

Suv siyosati

Qayd etilishicha, Amudaryo mintaqadagi barcha mavjud suv resurslarining 80 foizini tashkil qiladi. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, besh-olti yil ichida kanal qurib bitkazilganidan so‘ng, daryo bo‘ylab Turkmaniston va O‘zbekistonga oqib tushadigan suvning o‘rtacha hajmi uning umumiy quvvatining 50 foizigacha qisqaradi.

Aytilishicha, bu O‘zbekistonda asosiy ekin bo‘lgan paxta maydonlarini sug‘orish uchun muhim suv resurslari yetishmasligini anglatadi. Umuman olganda, qishloq xo‘jaligi aholining deyarli 40 foizining turmushida markaziy o‘rin tutadi.

O‘zbekiston Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda yillik suv iste’moli o‘rtacha 51 milliard kub metrni tashkil etadi, buning 90 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelib, asosan paxta dalalari sug‘oriladi.

“Paxta yetishtirish allaqachon mintaqadagi eng yirik ekologik ofat – Orol dengizining qurishiga olib keldi”, deyiladi maqolada.

Ekspertlar tomonidan olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2030 yilga borib 7 mlrd kub metr suv tanqisligi yuzaga keladi. Bu esa mamlakatning 33 ta suv tanqis hududlar qatoriga tushib qolishiga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, avvalroq QALAMPIR.UZ O‘zbekistonning ba’zi hududlarida suv kamaya boshlagani hamda ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari narxi qariyb 2 barobarga qimmatlashgani haqida xabar bergandi.

Nashrga ko‘ra, Amudaryo Qoraqum kanaliga quyilib, 1300 km sug‘orish va navigatsiyani ta’minlab, 1,25 million gektarga yaqin sug‘oriladigan yerlarni saqlab qolgan Turkmanistonda ham muammo bundan kam emas. Daryo sathining o‘zgarishi allaqachon muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Masalan, 2023 yilning iyun oyida Turkmanistonning shimoli-sharqidagi Lebap viloyatidagi fermerlar hududda suv yetarli bo‘lmagani uchun paxta dalalarini sug‘orishda qiynalgan. Bu esa dehqonlarga oldindan belgilangan narxlarda ma’lum miqdorda hosil evaziga sug‘oriladigan suv, o‘g‘it, urug‘lik va qishloq xo‘jaligi texnikasini va’da qilgan hukumat uchun muammo tug‘dirmoqda.

“Iqlim o‘zgarishi oqibatida suv tanqisligi kuchayib borayotgani sababli, yetkazib berishning har qanday qisqarishi ikkala mamlakatda ham qishloq xo‘jaligiga, ham oziq-ovqat xavfsizligiga zarar etkazishi mumkin”, deyiladi tahlilda.

Xalqaro suv shartnomalariga ehtiyoj

Nashrning urg‘ulashicha, mintaqada suvdan foydalanish jarayonlarini tartibga soluvchi barqaror huquqiy mexanizmlarning yo‘qligi, suv olish va daryolarni boshqarishga ta’sir ko‘rsatayotgani vaziyatni murakkablashtirmoqda.

Afg‘oniston transchegaraviy daryolar va ko‘llarni boshqarish uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi Transchegaraviy suvlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi 1992 yilgi konvensiyaning ishtirokchisi emas. Shuningdek, davlat daryolardan foydalanishni tartibga soluvchi 1992 yildagi Olmaota shartnomasining bir qismi emas va SSSR bilan 1946 yilda imzolangan shartnoma endi amalda emas.

“Muzokaralar uchun joy albatta bor, chunki Afg‘oniston boshqa hayotiy resurslar bo‘yicha qo‘shnilariga bog‘liq. Masalan, O‘zbekiston Afg‘onistonni elektr energiyasi, Turkmanistonni gaz bilan ta’minlaydi”, deyiladi maqolada.

Najibulla Sadidning qayd etishicha, Pomirdagi muzliklarning tez erishi tufayli Amudaryodagi suv hajmi 2050 yilgacha oshadi. Biroq, bu shuni anglatadiki, u keyinchalik pasayishni boshlaydi va suv haqidagi bahslarni kuchaytiradi. Keng hududda irrigatsiya tizimini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega.

“Masalan, O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari sug‘orish texnologiyalarini takomillashtirish va ular ustida ish olib borishlari kerak. Agar biz irrigatsiya tizimini modernizatsiya qilmasak, shubhasiz, mintaqada suv bo‘yicha nizolar va kelishmovchiliklar ko‘payadi”, deydi Sadid.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston O'zbekiston Qo'shtepa kanali

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing