Suv endi “suvtekin” emas! O‘zbekistonda suv narxi qariyb 2 barobar qimmatlashdi

Intervyu

O‘zbekistonning ba’zi hududlarida ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari narxi qariyb 2 barobarga qimmatlashdi. Bu haqda “O‘zsuvta’minot” AJ ma’lum qildi.

Masalan, 20 avgustdan boshlab Toshkent viloyati aholisi 1 kb.m ichimlik suvi (1000 litr) uchun endi 950 so‘mdan emas, balki 1700 so‘mdan pul to‘laydi. Byudjet tashkilotlaridan esa 1m3 suv (1000 litr) uchun naqd 7 000 so‘m pul olinadi. Xuddi shunday, suv narxi Surxandaryo va Qashqadaryo tumanlarida ham oshadigan bo‘ldi.
Xo‘sh, boshqa viloyatlarda ham narx oshadimi? QALAMPIR.UZ shu va mavzuga doir boshqa savollar yuzasidan “O‘zsuvta’minot” AJ matbuot kotibi Akmal Murodovdan intervyu oldi.

“Yaqin kunlarda deyolmayman. Chunki bu “O‘zsuvta’minot” AJ zimmasidagi vazifa emas. Narxlarning oshishi mahalliy deputatlarning so‘rovlari, hokimliklar va mas’ul tashkilotlar bilan birgalikdagi qarorlariga bog‘liq bo‘ladi. Ammo narxlar boshqa hududlarda ham baribir asta-sekin o‘zgaradi”, dedi savolga javoban “O‘zsuvta’minot” AJ matbuot kotibi Akmal Murodov.

Xo‘sh, agar respublika bo‘ylab suv narxi oshadigan bo‘lsa, odamlar bunga nima deydi? O‘zi ular ichimlik suvi uchun qancha pul to‘layotganliklarini bilishadimi? Shunday savollar bilan tahririyat muxbiri aholi vakillariga yuzlandi. Respondentlarning asosiy qismi ichimlik suvi narxi oshishidan norozi va hozir suv uchun qancha to‘lashayotganini bilmaydi.

“Suvdan boshqa yana muhim nima bor? Suv ob-hayot hisoblanadi. Shuning uchun narxlarning oshishiga qarshimiz”, dedi fuqarolardan biri.

Boshqa bir fuqaroning fikricha, ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojning ortgani sabab narxlar atayin oshirilyapti. Uning aytishicha, qishda bunday holatlar bo‘lmaydi.

“Faqat tijoratni emas, avvalambor, insonlarni o‘ylash kerak. oshirganda ham me’yorda oshirish degan tushuncha bor, axir”, dedi u ichimlik suvi uchun qancha pul to‘layotganini bilmasligi aytib.

“O‘zsuvta’minot” matbuot kotibi Akmal Murodovning fikricha esa oshayotgan suv narxi aslida qimmat emas, baribir arzon. Masalan, do‘kondan sotib olinadigan yarim litr suvning narxi 2000 so‘m bo‘lsa, jo‘mrakdan oqadigan ichimlik suvining naq 1000 litri esa oshgan narx bilan shuncha bo‘lyapti. “Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q” deb shunga aytadilarda.

“Dunyodagi eng arzon ichimlik suvi O‘zbekistonda. Hali-hanuz narx oshirilmagandi. Aslida qiymati arzon narsaning qadri ham past bo‘ladi. Ayni paytda aholi va yuridik shaxslarning ichimlik suvi tashkiloti – “Suvta’minot” korxonasidan qarzdorligi 1,5 trillion so‘mdan oshib ketgan. Bu yillar davomida shakllanib kelgan qarzdorlik hisoblanadi. Toshkent shahrida 1000 litr suvning narxi 400 so‘m turadi. Diqqat qiling, 1000 litr suv atigi 400 so‘m. Bu bir litr suvning narxi 40 tiyin degani. Biz suvni shu darajada qadrsizlaganmiz. Xalq orasidagi “suvtekin” so‘zining paydo bo‘lishi ham bekorga emas”, dedi Akmal Murodov.

Shu paytgacha aholi ichimlik suvi uchun arzimagan pul to‘lab kelayotgan ekan, nega bu shundayligicha davom etavermadi?  Narxlar oldinroq emas, aynan endi oshyapti? “O‘zsuvta’minot” AJ mas’uli buni quyidagicha izohladi:

“Birinchidan, yildan-yilga aholi sonining ko‘payib borishi va buning natijasida ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojning ortishi, ikkinchidan, ichimlik suvi zaxirasining kamayib borayotgani. Biz ichimlik suvini oladigan qo‘shni mamlakatlarda ham zaxiralar kamaymoqda. Uchinchidan, aynan ichimlik suvini xalqqa yetkazib berish, qayta ishlash masalalari ham ta’riflarimizga ta’sir ko‘rsatdi, deyish mumkin. Buxoroga, yoki Navoiyga suv yetkazib berishimiz uchun Samarqanddan olib borishimiz kerak. Qancha elektr energiyasi va boshqa resurslar ketadi? Masalan suv uchun iste’molchidan 100 so‘m olsak, shuning 30-40 so‘mini elektr-energiyasiga to‘laymiz. Chunki uzoq hududlarga suv yetkazib berish uchun kuchli bosimda ishlay oladigan kuchli nasoslar kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, avariya-tiklash brigadalari bor. Suv ta’minotidagi quvurlar o‘tgan asrning 50-60 yillarida qurilgan. Yillar davomida ular eskirda va bugun ta’mirlanishga muhtoj. Shuningdek, aholining qariyb 75% ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, qolgan 25 % aholiga hali suv yetib bormagan. Narxlarning oshishi o‘sha hududlarga ham ichimlik suvi yetib borishini tezlashtiradi”.

O‘zbekistonda ichimlik suvi bilan bog‘liq vaziyat haqida xalqaro tashkilotlvrning ham xulosalari ijobiy emas. Mamlakatda ichimlik suvi tugayapti. Qurg‘oqchilik, isrofgarchilik va boshqa bir qator sabablar tufayli qqin kelajakda avlodlar suvsiz qolishi mumkin.

“Biz allaqachon o‘zimizning suvimizni ichib bo‘lganmiz. Hozir farzanlarimizning, nevaralarning suvini ichyapmiz, isrof qilyapmiz. Shu holatda davom etar ekan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining xulosalarida aytilganidek, 2050 yilga borib O‘zbekiston qizil hudud, ya’ni ichimlik suvi tanqis hududga aylanib qolishi mumkin. Shuning uchun bugundanoq suvni isrof qilmasligimiz, buni bolalarimizga o‘rgatishimiz kerak. Afrikaga o‘xshab qolmasligimiz zarur”, dedi Murodov.


Maqola muallifi

Teglar

ichimlik suvi narx O'zsuvta'minot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made