Qo‘shnisining eshagini qulog‘ini kesgan erkak javobgarlikka tortildi
Jamiyat
−
08 aprel 2023
11062Buxoro viloyati Peshku tumanida fuqaro qo‘shnisiga tegishli eshakning quloqlarini kesib tashlashi oqibatida jonivor nobud bo‘ldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 6 aprel kuni soat 16:00 da 1985 yilda tug‘ilgan fuqaro U.A. qo‘shnisi fuqaro J.X.ga tegishli eshakni tomorqa yeriga zarar yetkazgani bahonasida jonivorning ikki qulog‘ini kesib tashlagan. Oradan vaqt o‘tib, jonivor ko‘p qon yo‘qotishi oqibatida o‘lgan.
Hozirda fuqaro U.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgani bo‘yicha to‘plangan hujjatlar ma’muriy tartibda chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshku tumani sudiga yuborilgan.
Ushbu jinoyatni sodir etish bazaviy hisoblash miqdori (amalda 300 ming so‘m, 1 maydan 330 000 so‘m)ning 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima solinishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinishiga sabab bo‘lishi mumkin.