Qurol, narkotik va fohishaxona saqlash. Toshkent viloyatida katta reyd bo‘lib o‘tmoqda (video)
3-sahifa
−
15 mart
10323Toshkent viloyatida “Xavfsiz hudud” tezkor profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda. Bu haqda viloyati IIBB xabar berdi.
Bildirilishicha, giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurash yo‘nalishda o‘tkazilgan tadbirlar natijasida 266 ta holat aniqlanib, jami 123,8 kg giyohvand va psixotrop moddalar noqonuniy muomaladan chiqarilgan. Xususan, 12 fevral kuni Chinoz tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Qashqadaryo viloyatida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan shaxs 398 gramm “gashish” giyohvandlik vositasini avtomashinada yashirincha olib ketayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi ( Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shu kabi, qidiruvdagi shaxslarni aniqlash yo‘nalish bo‘yicha sud va tergov organlaridan yashiringan hamda boshqa sabablarga ko‘ra qidiruvda bo‘lgan 168 nafar shaxs qo‘lga olingan. Shulardan 6 nafari xorijiy davlatlardan ekstraditsiya qilingan. Bundan tashqari, 65 nafar bedarak yo‘qolgan shaxs topilib, oila a’zolariga qaytarilishi ta’minlangan.
“Odam savdosiga qarshi o‘tkazilgan tadbirlar davomida, ayol va qizlarni shahvoniy maqsadda O‘zbekiston tashqarisiga olib chiqmoqchi bo‘lgan 8 nafar shaxs daliliy ashyolar bilan ushlandi. Natijada 5 nafar ayol odam savdosi qurboniga aylanishining oldi olindi. Xususan, 2006 yilda tug‘ilgan qizni Turkiyaga noqonuniy ravishda olib chiqmoqchi bo‘lgan, Olmaliq shahrida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan ayol Toshkent xalqaro aeroportida qo‘lga olindi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, axloq va sog‘liqqa qarshi jinoyatlar bilan kurashish yo‘nalishida orttirilgan immun tanqisligi sindromi (OITS)ni tarqatish bilan bog‘liq 13 ta holat aniqlanib, ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy huquqiy chora ko‘rilishi natijasida, ushbu shaxslarning boshqa fuqarolarga infeksiya yuqtirishining oldi olingan. Shuningdek, tadbir davomida qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash bilan bog‘liq 85 ta, fohishalik bilan shug‘ullanish bo‘yicha esa 16 ta holat fosh etilib, barchasiga nisbatan tegishli tartibda qonun ustuvorligi ta’minlangan.
Shu kabi, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida noqonuniy qurol saqlash, tovlamachilik va qimorxona tashkil qilish bilan bog‘liq 27 ta jinoiy holat aniqlandi. Barcha gumonlanuvchilarga nisbatan qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rildi.
Qayd etilishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonun ustuvorligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash va yurt osoyishtaligini mustahkamlash maqsadida bu kabi chora-tadbirlar izchil davom ettiriladi.
LiveBarchasi