Qurilishda yangi tizimni yuritish uchun alohida markaz tashkil etiladi
Jamiyat
−
21 Sentabr 2019
3251Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Qurilish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik. Qarorga muvofiq O‘zbekiston qurilish sohasida “Shaffof qurilish” tizimi joriy etilishi belgilangandi.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining davlat muassasasi shaklidagi Qurilish sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazini (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:
• avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, axborot resurslari va ma’lumotlar bazalarini yaratish, rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, qurilish sohasida axborot xavfsizligini ta’minlash;
• “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimini yuritish va qo‘llab-quvvatlash;
• O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va zarur dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish;
• markazlashtirilgan moliyalashtirish manbalaridan, shu jumladan, investitsiya loyihalari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarda qurilish jarayonini monitoring qilishni yo‘lga qo‘yish;
• O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini yangilab borish choralarini ko‘rish, ularning boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta’minlash;
• O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi axborot xavfsizligiga tahdidlarni o‘z vaqtida aniqlash va unga qarshi kurashish, axborot xavfsizligi talablariga rioya etilishining nazoratini va monitoringini amalga oshirish, axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarida axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha texnik infratuzilmani joriy etish va rivojlantirish;
• axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalaridan foydalanish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash yuzasidan qurilish sohasida ishtirok etuvchi idoralar xodimlarining bilim va ko‘nikmasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
• turli axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarida axborot xavfsizligini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi yagona serverini tashkil qilish, yuritish va rivojlantirish.
Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:
• O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
• asosiy faoliyatdan olingan daromadlar;
• xalqaro moliya institutlari grantlari;
• yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
• qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
LiveBarchasi