Qurilish vazirligiga 3 ta aksiyadorlik jamiyatini boshqarish vakolati berildi

Jamiyat

image

“O‘zsuvta’minot”, “O‘zog‘irsanoatloyiha” va “ToshuyjoyLITI” aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalarini boshqarish vakolati Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qayd etilishicha, vazirlik huzuridagi ko‘p xonadonli uylarni mukammal va joriy ta’mirlash hamda issiqlik ta’minoti ob’ektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi tugatiladi. Uning o‘rniga hokimliklar huzuridagi “Ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash” injiniring kompaniyalari va hududiy boshqarmalar huzurida Issiqlik ta’minoti ob’ektlari bo‘yicha injiniring kompaniyalari tashkil etildi.  

“O‘zsuvta’minot”, “O‘zog‘irsanoatloyiha” va “ToshuyjoyLITI” aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalarini boshqarish vakolati vazirlikka o‘tkazilib, vertikal boshqaruv va hisobdorlik tizimi yaratildi.    

Shuningdek, vazirlik huzurida aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi funksiyasini bajaradigan hamda Davlat shaharsozlik kadastri va Shaharsozlik geoaxborot tizimini yuritadigan Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish Respublika markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 

Shu bilan birga arxitektura, qurilish, muhandislik va kommunal xo‘jaligi sohalarida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ularni baholash bo‘yicha ixtisoslashgan davlat oliy ta’lim muassasasi ya’ni, Kompetensiyani rivojlantirish instituti tashkil etilmoqda.    

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat tizimi yanada kuchaytirilib, uning qamrovi kengaytirilyapti. Xususan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi shaharsozlik faoliyati sub’ektlari tomonidan aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat arxitektura nazoratini amalga oshirishga mas’ul etib belgilandi.    

Vazirlik huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ob’ektlarda qurilish-montaj ishlarining sifati va loyiha hujjatlariga muvofiqligini nazorat qilish bilan bir qatorda ko‘p kvartirali uy-joy fondidan va ichimlik suvidan foydalanish bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish uchun mas’ul etib belgilandi. Endilikda hududiy inspeksiyalarning xodimlari soni nazoratga olinadigan ob’ektlarning soniga qarab belgilanadi.    

Bundan tashqari, qurilish faoliyati sub’ektlarining majburiy tartibdagi nazorat tadbirlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasida amalga oshiriladi.

“Hududiy inspeksiyalar faoliyatini tashkil etish, nazorat qilish va ularga umumiy rahbarlik qilish vertikal boshqaruv tizimi asosida inspeksiya va vazirlik tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, hududiy inspeksiyalarning qonuniy faoliyatiga mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tegishli tashkilot hamda idoralarning aralashuvi yoki ta’sir o‘tkazishi qat’iy taqiqlanmoqda”, deyiladi xabarda.

Arxitektura, loyiha faoliyati va qurilish nazorati mutaxassislarini 10 ta faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha sertifikatlash tizimi ham joriy qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qurilish vazirligi O'zsuvta'minot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing