Qurilish vazirligi poraxo‘r xodim haqida BPga qarshi bayonot bilan chiqdi. Kim aldayapti?
Jamiyat
−
04 fevral 2022
12540Avvalroq, Xorazmda viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi yetakchi inspektori pora bilan ushlangani haqida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabariga tayanib ma’lumot bergan edik.
Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bayonot berib, 1000 AQSH dollari miqdorida pora bilan qo‘lga olingan xodim tizimdan pora bilan qo‘lga tushishidan avval ishdan bo‘shatilganini iddao qilmoqda. Qayd etilishicha qo‘lga olingan shaxs R.R. 28 yanvar kuni lavozimidan ozod etilgan.
Qayd etilishicha, R.R. 2020 yil 29 aprelda Xorazm viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining binolar va qurilmalarning texnik holatini o‘rganish bo‘limiga yetakchi mutaxassis lavozimiga qabul qilingan.
2021 yil 15 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish nazorati inspeksiyasida attestatsiyadan o‘tkazilib, unga qurilish-montaj ishlari ustidan nazorat qilish maxsus guvohnomasi berilgan.
2020 yil 21 sentyabrdan Qurilish-montaj ishlari ustidan nazorat bo‘limi yetakchi inspektori lavozimiga o‘tkazilgan.
“2022 yil 28 yanvardan Xorazm viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining buyrug‘iga asosan R.R. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi o‘z ixtiyori bilan bekor qilingan. Qo‘lga olingan paytda R.R. ushbu lavozimda faoliyat yuritmayotgan bo‘lgan”, deyiladi Qurilish vazirligi xabarida.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tarqatgan ma’lumotlarda esa shunday deyiladi:
Departament hamda DXXning Xorazm viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Natijada viloyatning qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi yetakchi inspektori R.R., fuqaro R.ning Xonqa tumani, Qirqyop qishlog‘idagi binosini foydalanishga qabul qilish haqidagi murojaati inspeksiya tomonidan ko‘rib chiqilib, ob’ektni qabul qilish rad qilingan bo‘lsa-da, R.R. xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroning tanishi F.ga go‘yoki ushbu murojaatni ijobiy hal qilib berishini va’da qilib, evaziga 1 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
LiveBarchasi