Qurilish vazirligi qimmatbaho Land Cruiser’ni tanlovsiz sotib olmoqchiligi Moliya vazirligi e’tiroziga sabab bo‘ldi
Jamiyat
−
15 may 2020
14557O‘zbekiston Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining Qurilish vazirligi Land Cruiser 200 rusumli avtomashina xaridini istisno tariqasida tanlovlarsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshirishi ko‘zda tutilgan hujjat loyihasiga munosabat bildirib, loyiha qonunchilikdagi ba’zi talablarga zid ekanini aytib o‘tdi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, farmoyish loyihasida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida davlat xaridini amalga oshirish bo‘yicha kiritilgan norma davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga zid. Shuning uchun, Moliya vazirligi uni chiqarib tashlash taklifini bildirgan.
“Davlat xaridlarida ochiqlik va shaffoflikni, raqobat va xolislikni, asoslanganlikni, moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligini ta’minlash davr talabi.
Moliya vazirligiga2020 yil 7 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiningfarmoyishi loyihasi kelishish uchun kelib tushdi.
Mazkur farmoyish loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida “Land Cruiser 200” rusumli avtomashinasi xaridini istisno tariqasida tanlovlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshirish vazifasi yuklatilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunining maqsadi davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Qonunning 4-12-moddalarida davlat xaridlarining asosiy prinsiplari belgilangan bo‘lib, mazkur prinsiplar davlat xaridlari jarayonining barcha bosqichlarida qo‘llanilishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi PF-5780-sonli Farmonning 27-bandida vazirlik va idoralar, shuningdek, xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda istisno tarzida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish taqiqlangan.
Farmoyish loyihasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida davlat xaridini amalga oshirish bo‘yicha kiritilgan norma davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunhujjatlari talablariga zid bo‘lganligi sababli, shuningdek davlat xaridlarini ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik, moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi kabi prinsiplarga tayangan holda amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida ushbu normani chiqarib tashlash bo‘yicha Moliya vazirligining taklifi bildirildi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ma’lumot uchun, Toyota kompaniyasining O‘zbekistondagi dileri saytida ko‘rsatilishicha, Land Cruiser 200 rusumli yo‘ltanlamas avtomobili modifikatsiyasiga qarab 1 mlrd 457 mln so‘m va 1 mlrd 509 mln so‘mdan sotiladi.
LiveBarchasi