Qurilish vazirligi Buxoro viloyatidagi noqonuniy qurilayotgan binolar haqida ma’lumot berdi

Jamiyat

image

Qurilish vazirligi Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan sifati standartlarga javob bermaydigan qurilish ob’ektlari haqida ma’lumot berdi.

1. Buxoro viloyati Buxoro shahri Islom Karimov (Mustaqillik) ko‘chasi 24/1-uy manzilida joylashgan “Beluga Story and Burgers” MCHJ tomonidan qurilayotgan 1 va 2-qavatlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi joylashgan ko‘p qavatli ko‘p xonadonli turar-joy binosi o‘rganilgan. Natijada qavatlararo yopmalarda – ikkinchi qavat yopmalar qoplamalarida tabiiy qor va yomg‘irlardan keyingi asoratlar va mog‘orlar hosil bo‘lgani aniqlangan. Ustun va to‘sinlarning burchaklari uchib ketgan.

Binoning tashqi devorlari KMK 2.01.03-19 “Zilzilaviy hududlarda qurilish”ning 3.2.5 bandiga mos loyihalashtirilmagan. Binoning tashqi devor konstruksiyalarida loyiha va vizual tekshirishda deraza darchalarini mustahkamlash choralari ko‘rilmagan. To‘sinni seysmik belbog‘ga bog‘lovchi armaturaviy ankerlar o‘rnatilmagan. Beton mustahkamligi g‘isht terish uchun sementli qorishmaning mustahkamligi bo‘yicha lobaratoriya sinovlari o‘tkazilmagan bo‘lib, yashirin ishlar dalolatnomasi va umumiy payvandlash beton ishlari jurnali yuritilmagan. Binoning asosiy konstruksiyalari (ustun va rigel) beton markasi aniqlanganda, loyihada ko‘rsatilgan M250-M300 beton marka o‘rniga amalda M150-M200 qilib bajarilganligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur konstruktiv nuqsonlar esa bino zilzilabardoshligiga ta’sir ko‘satadi.

Yuqorida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun Buxoro viloyati QSHNI tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan va ijrosi nazoratga olingan.

2. Buxoro viloyati Buxoro shahri G‘ijduvon ko‘chasi manzilida joylashgan “Metric Ventures” MCHJ tomonidan qurilayotgan “Mehmonxona” binosi o‘rnatilgan tartibda inspeksiyani xabardor qilmasdan qurilish montaj ishlarini boshlaganligi sababli Buxoro viloyat QSHN inspeksiyasi tomonidan 2020 yil 1 maydagi 538/05-sonli ogohlantirish xati berilgan. Qavatlararo yopmalarda – oxirgi qavat yopmalar qoplamalarida esa tabiiy qor va yomg‘irlardan keyingi asoratlar va mog‘orlar hosil bo‘lgan. 

Binoning asosiy konstruksiyalari (ustun va rigel) beton markasi aniqlanganda, loyihada ko‘rsatilgan M300 beton marka o‘rniga amalda M200-M300 qilib bajarilganligi ma’lum bo‘lgan. Ustun va to‘sinlar tutash qismda montaj vaqtida montaj penasidan foydalanilgan, ko‘p tugunlarda montaj penasining ko‘payib ketganligi uchun tugunda g‘ovaklar hosil bo‘lgan. Hozirgi kunda tasdiqlangan loyiha asosida qurilish-montaj ishlari olib borilmayotganligi sababli yuqorida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun inspeksiya tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan.

3. Buxoro shahri Hamza ko‘chasi manzilida joylashgan “Bunyodkor Shaharsozlik” MCHJ tomonidan qurilayotgan 1 va 2-qavatlarida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi joylashgan ko‘p qavatli turar joy binosi hamda qad ko‘targan konstruksiyalarini vizual tekshirilganda qavatlararo yopmalarda – ikkinchi qavat yopmalar qoplamalarida tabiiy qor va yomg‘irlardan keyingi asoratlar va mog‘orlar hosil bo‘lgani aniqlangan. Ustun va to‘sinlarning burchaklari esa uchib ketgan.

Binoning asosiy konstruksiyalari (ustun va rigel) beton markasi aniqlanganda, loyihada ko‘rsatilgan M250-M300 beton marka o‘rniga amalda M150-M250 qilib bajarilganligi ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, binoning qurilishi hali tugallanmaganligi, uchinchi qavatda ustunlar bino o‘qlariga nisbatan ruxsat etilgan me’yordan ortiq siljish bilan bajarilganligi bo‘yicha buzib to‘g‘rilash mumkinligi ta’kidlangan. Qurilish montaj ishlarida bir qator kamchiliklar aniqlanganligi sababli hududiy inspeksiyaning 2020 yil 4 noyabrdagi 293-sonli tegishli ko‘rsatmasi berilgan. 

4. Buxoro shahri S.Ayniy ko‘chasi 12-uy manzilida joylashgan “Development Dream House” MCHJ tomonidan qurilayotgan 1-qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi joylashgan ko‘p qavatli turar joy binosi o‘rganilganda o‘rnatilgan tartibda Buxoro viloyat QSHN inspeksiyasini xabardor qilmasdan qurilish-montaj ishlarini boshlaganligi bois Buxoro shahar Ma’muriy sudining 2019 yil 9 dekabrdagi qarori bilan MCHJ rahbarini tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmasdan turib qurilish ishlarini boshlaganligi uchun MJtK 99-moddasi 7-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi “Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 370-sonli qaror bilan tasdiqlangan nizomning 5-ilovasiga asosan Buxoro viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasiga 2020 yil 29 avgustdagi 22029013-sonli qurilish ishlarini boshlash haqidagi xabarnomasi berilgan. Buxoro viloyat QSHN inspeksiyasi tomonidan 2020 yil 29 avgustdagi 772-son bilan ro‘yxatgan olingan. Hozirgi kunda tasdiqlangan loyiha asosida binoning 4 qavatida qurilish montaj ishlari olib borilmoqda.

5. Buxoro shahrining bosh rejasiga asosan qaydnoma (eksplikatsiya)da 255-son bilan “Amu-Buxoro Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi” binolari bo‘lishi rejalashtirilgan, ammo bosh rejani qo‘pol ravishda buzgan holda Buxoro shahri I.Karimov ko‘chasi manzilida “Buxoro zamonaviy uy-joy” MCHJ tomonidan 1-qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi joylashgan ko‘p qavatli turar joy binosi “Buxoro zamonaviy uy-joy” MCHJ tomonidan qurilayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Keyinroq Buxoro shahar hokimining 2018 yil 14 iyundagi “Qurishga ruxsat berish to‘g‘risida”gi 2027-sonli qarori bilan Buxoro shahar I.Karimov ko‘chasi manzilida joylashgan “Buxoro zamonaviy uy-joy” MCHJ tomonidan qurilayotgan turar joy binosini qurishga ruxsat berilgan. Ammo hozirgi kunda tasdiqlangan loyihadan chetga chiqqan holda qurilish montaj ishlari olib borilayotganligi sababli Buxoro viloyat QSHN inspeksiyasi tomonidan 2021 yil 28 yanvardagi 4049-sonli ko‘rsatmasi berilgan.

6. Buxoro shahri Sanoatchilar ko‘chasi manzilida joylashgan “Buxoro Konsmetalliks” MCHJ tomonidan qurilayotgan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi binosi ishlab chiqilgan Buxoro shahri bosh rejasiga asosan zid joylashtirilgan va tasdiqlangan loyiha hujjatlarida 2 qavatli bo‘lsada joyida 4 qavatli bino qurilgani malum bo‘lgan.

“Buxoro Konsmetalleks” MCHJ “Shaharsozlik kodeksi”ning 3 va 8-moddalari talablarini qo‘pol ravishda buzganligi sababli 2020 yil 16 dekabrdagi 1868/07-sonli xat bilan Buxoro shahar mamuriy sudiga oshirilgan. Buxoro shahar Ma’muriy sudining 2020 yil 16 dekabrdagi qarori bilan “Buxoro Konsmetalleks” MCHJ rahbarini MJtK 99-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, qurilish montaj ishlarida bir qator kamchiliklar aniqlanganligi sababli 2020 yil 4 noyabrda hududiy inspeksiya tomonidan 293-sonli ko‘rsatma berilgan. 

7. Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Degrezon MFY Degrezon ko‘chasi manzilida joylashgan “Obod avto trans QS” MCHJ tomonidan qurilayotgan Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchalari va ko‘p qavatli turar joy binolari hamda ma’muriy bino sifatida qayta rekonstruksiya qilinayotgani o‘rganilganda ob’ekt loyihada uch qavatli bo‘lib, tekshirishda aniqlandiki, u besh qavatli qilib qurilgan.

Qavatlararo yopmalarda – beshinchi qavat yopmalar qoplamalarida tabiiy qor va yomg‘irlardan keyingi asoratlar va mog‘orlar hosil bo‘lgan hamda ustun va to‘sinlarning burchaklari uchib ketgan, ayrim konstruksiyalarda betonlarda g‘ovaklar mavjud va konstruksiyalarning armaturalari ochilib qolgan. Binoning asosiy konstruksiyalari (ustun va rigel) beton markasi aniqlanganda, loyihada ko‘rsatilgan M250-M300 beton marka o‘rniga amalda M150-M200 qilib bajarilgan.

Asosiy aniqlangan nuqson hamma qavatlarida karkasning bo‘ylama to‘sinlari va “A*”o‘qning“2*” va “3*” o‘qlar ustun mavjud emasligidir. Mazkur konstruktiv nuqsonlar bino zilzilabardoshligiga ta’sir ko‘satadi. Yuqorida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun inspeksiya tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan va ijrosi nazoratga olindi.

8. Buxoro viloyati Buxoro shahri Dilkusho ko‘chasi manzilida joylashgan “Loyihasuv Qurilish” MCHJ tomonidan qurilayotgan bo‘lgan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi hamda ofis binosi Buxoroning ishlab chiqilgan bosh rejasiga zid ravishda joylashtirilgan hamda hozirgi kunda qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Ob’ekt tegishli mutaxassislar tomonidan chiqib ko‘zdan kechirilganda tasdiqlangan loyiha hujjatlarida ko‘rsatilgan tarx qismi ham nomutanosibligi aniqlangan.

“Loyihasuv Qurilish” MCHJ ning mulki bo‘lgan ushbu ob’ekt 2020 yil 24 yanvardagi KSH №018150 BH sonli oldi sotdi shartnomasiga asosan Safarov Dilmurod Sayfilloyevichga sotilganligi malum bo‘lgan.

Tasdiqlangan loyihadan chetga chiqqan holda qurilish-montaj ishlari olib borilayotganligi sababli mas’ullarga 2020 yil 21 oktyabrda 1/M.D/1-sonli ogohlantirish xati berilgan va qo‘shimcha tarzda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan.

9. Buxoro shahri Dilkusho ko‘chasi manzilida joylashgan fuqaro Yadgarov Olim Davronovich tomonidan qurilayotgan 1 qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi joylashgan ko‘p qavatli turar joy binosi tekshirilganda ham qavatlararo yopmalarda – oxirgi qavat yopmalar plita qoplamalarida tabiiy qor va yomg‘irlardan keyingi asoratlar hamda mog‘orlar hosil bo‘lgani ko‘rilgan. 

Binoning asosiy konstruksiyalari (ustun va rigel) beton markasi aniqlanganda, loyihada ko‘rsatilgan M250-M300 beton marka o‘rniga amalda M150-M250 qilib bajarilgan. 

Shuningdek, qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasidan kech ro‘yxatdan o‘tganligi uchun konstruksiyasini joyga nisbatan tekshirish, instrumental texnik tekshiruvdan so‘ng olingan ma’lumotlarni nazarda tutgan holda konstruksiyalarini hisob-kitob qilish tavsiya etilgan. Jumladan, tasdiqlangan loyiha xujjatlarida ko‘rsatilgan tarx qismi nomutanosibligi ham bildirilgan. Hozirgi kunda tasdiqlangan loyihadan chetga chiqqan holda qurilish-montaj ishlari olib borilayotganligi sababli hududiy inspeksiya tomonidan 2021 yil 28 yanvarda 4048-sonli ko‘rsatma berilgan va ijrosi nazoratga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro qurilish

Baholaganlar

32

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing