Qurilish vazirligi 1000 dan ortiq tadbirkorlar huquqlarini buzgani aniqlandi

Jamiyat

image

Qurilish vazirligi va uning hududiy bosh boshqarmalari xodimlari 2021 yil va 2022 yilning o‘tgan davrida 1 326 ta holatda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq qonun hujjatlari talablarini buzgan. Bu haqda Biznes-ombudsman QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

Tashkilot tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda, xususan, turli davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 90 nafar xodim tomonidan 1 091 ta holatda belgilangan muddatlarni kechiktirish, ortiqcha hujjatlar talab qilish, murojaatni asossiz rad etish kabi qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Shuningdek, tadbirkorlarning ruxsat berish bilan bog‘liq murojaatlarini ko‘rib chiqishda Farg‘ona viloyatida 8 ta, Toshkent shahrida 3 ta holatda litsenziyalash hamda ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgan. 

Bundan tashqari, amaldagi tartibga asosan, litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya berish masalasini ko‘rib chiqish muddati 7 ish kuni qilib belgilangan bo‘lsa-da, vazirlik markaziy apparati xodimlari tomonidan 7 ta holatda mazkur muddatning buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqilishi o‘rganilganda 197 ta holatda qonunchilikka zid ravishda murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari o‘tkazib yuborilgan. 

Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida 20 ta holatda o‘tkazilgan o‘rganishlar Biznes-ombudsmanni xabardor qilmasdan amalga oshirilgan.

Yuqoridagi qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi uchun vazirlik va uning hududiy bosh boshqarmalarining 143 nafar xodimiga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborilgan.


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkor Qurilish vazirligi

Baholaganlar

113

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing