Qurilish ob’ektlari nazoratchilarining maoshi oshiriladi
Jamiyat
−
24 may 2021
6639Vazirlar Mahkamasining “Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati faoliyatini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlarida narxlarni shakllantirish, qurilish ishlarini tashkil qilish, texnik va mualliflik nazoratini olib borish, qurilish ishlari sifatini ta’minlash va ob’ektlarni foydalanishga topshirishda quyidagi masalalar dolzarbligicha qolmoqda:
• birinchidan, vazirliklar va idoralarda davlat ahamiyatiga molik qurilish loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonini sifatli tashkil etish, muvofiqlashtirish, monitoring hamda nazorat qilishni ta’minlovchi tizim mavjud emas;
• ikkinchidan, buyurtmachi xizmatining funksiyalari, vazifalari, javobgarligi, huquqlari, loyihachi tashkilot va pudratchi tashkilotlar bilan o‘zaro shartnomaviy munosabatlarini o‘zida aks ettirgan yagona tartib mavjud emas;
• uchinchidan, buyurtmachi xizmati uchun haq to‘lash mexanizmi takomillashmagan, ish yuklamalari, moddiy javobgarlik va mehnatga haq to‘lash mutanosib emas;
• to‘rtinchidan, sohada korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar natijadorligining pastligi malakali mutaxassis va rahbar kadrlarni tayyorlash imkonini bermayapti;
• beshinchidan, moddiy-texnik bazani rivojlantirishga qaratilgan ishlar tizimi shakllanmaganligi va zamonaviy axborot texnologiyalari talab darajasida joriy etilmaganligi soha faoliyatini chuqur tahlil etish, mavjud muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish borasida ta’sirchan choralarni ishlab chiqishda o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Qaror bilan quyidagi hujjatlar tasdiqlandi:
• Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati to‘g‘risidagi nizom;
• Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmatining namunaviy tuzilmasi;
• Kurilish ob’ektlarida mualliflik va texnik nazorat olib borish tartibi to‘g‘risida nizom;
Qurilish ob’ektlarida nazorat o‘lchovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Buyurtmachi xizmatlar Qurilish vazirligi tomonidan belgilangan malaka toifasi asosida texnik nazorat sohasidagi mas’ul mutaxassislarga ular mehnatiga haq to‘lashning amaldagi tarif koeffitsiyentlariga 2021 yil 1 avgustdan boshlab:
• birinchi toifa uchun - 0,2 miqdorda;
• ikkinchi toifa uchun - 0,5 mikdorda;
• uchinchi toifa uchun - 0,7 miqdorda;
• oliy toifa uchun - 1,0 miqdorda koeffitsiyent qo‘shiladi.
Ob’ektlardagi qurilish-montaj ishlari bo‘yicha shartnoma majburiyatlarining buzilganligi uchun buyurtmachi foydasiga sud va sudgacha hal qilish tartibida undirilgan jarima (sanksiya) va penyalar, shuningdek, xaridlar jarayoni talablari buzilganda, tender va tanlov takliflarini garov, kafolat, zakalat tarzida ta’minlash uchun kiritilgan davlat xaridlari ishtirokchilari mablag‘larining 50%i - davlat byudjetiga hamda qolgan 50%i - buyurtmachi xizmati bank hisobraqamiga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, 2021 yil 1 iyundan boshlab buyurtmachi xizmatining shtatlar jadvali va ta’minot harajatlari smetasini ro‘yxatdan o‘tkazishda texnik nazorat mutaxassislari uchun xizmat safari xarajatlarining ob’ektlar joylashgan masofadan kelib chiqib, joriy narxlarda belgilanadi.
LiveBarchasi