Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi

Jamiyat

image

Joriy yilning 23 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori

Respublikamizda raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash, shuningdek, korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga qaratilgan qurilish materiallari sanoatidagi tarkibiy o‘zgartirishlarni yanada chuqurlashtirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tarmoqni jadal rivojlantirish va diversifikatsiya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mahalliy mineral xomashyo resurslarini qayta ishlashga investitsiyalarni jalb qilish va qurilish materiallarini eksport qilish hajmlarini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) 2019-2025 yillarda mahalliy xomashyo geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, qazib olish va qayta ishlash asosida qurilish industriyasining xomashyo bazasini kengaytirishprognoz ko‘rsatkichlari hamda 2019-2025 yillarda diversifikatsiya qilish va mahsulot turlarini kengaytirish hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarishning maqsadli ko‘rsatkichlari 1 va 2-ilovalarga muvofiq, quyidagilarni nazarda tutgan holda:

geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, qazib olish va qayta ishlash asosida qurilish industriyasining xomashyo bazasi hajmlarini ohaktosh bo‘yicha – 13,1 million tonnaga, gips toshi bo‘yicha – 1,8 million tonnaga,loysimon komponentlar, g‘isht xomashyosi, kvars qumi bo‘yicha – 1 million tonnaga, ko‘chgan tog‘ jinslari (bazalt) bo‘yicha – 0,1 million tonnaga, tosh-shag‘al materiallar bo‘yicha – 5,6 million metr kubga;

ishlab chiqarish hajmlarini oboylar bo‘yicha – 47 barobardan ortiq hajmga, yig‘ilgan parket panellari va plitalari bo‘yicha – 19 barobarga, yog‘och qirindili plitalar hamda yog‘och va boshqa yog‘ochbop materiallardan tayyorlangan plitalar bo‘yicha – 15 barobarga, gazbeton bloklari bo‘yicha – 7 barobarga, lak-bo‘yoq materiallari hamda energiya va issiqlikni tejovchi float-texnologiya asosida ishlab chiqarilgan arxitektura-qurilish oynasi bo‘yicha – 4 barobarga, bazaltdan tayyorlanadigan kompozit armatura bo‘yicha – 3 barobarga va sement bo‘yicha – 2 barobarga oshirish;

b) xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy banklarning kreditlarini jalb qilish orqali moliyalashtiriladigan,2019-2021 yillarda qurilish materiallari sanoati sohasida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalarningyig‘ma ko‘rsatkichlari hamda 2019-2021 yillarda qurilish materiallari sanoati sohasida amalga oshiriladiganistiqbolli loyihalar ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda – Ro‘yxat) 3 va 3.1-ilovalarga muvofiq;

v) 2019-2020 yillarda qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar (keyingi o‘rinlarda – Kompleks chora-tadbirlar) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga Kompleks chora-tadbirlarda ko‘zda tutilgan vazifalarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

Belgilansinki:

vazirlik va idoralar rahbarlari Kompleks chora-tadbirlarda ko‘zda tutilgan vazifalarning bajarilishi holati yuzasidan ma’lumotlarni har oyda Vazirlar Mahkamasiga kiritib boradilar va ushbu ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlislarida ko‘rib chiqiladi;

Vazirlar Mahkamasi Kompleks chora-tadbirlarda ko‘zda tutilgan vazifalarning ijrosi natijasi va samaradorligi to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib boradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining Kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish holati bo‘yicha hisobotlarini har chorakda eshitib borish amaliyotini joriy etsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi:

a) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va takror hosil qilish davlat dasturini shakllantirishda yangi konlarni aniqlash uchun noruda foydali qazilma boyliklari maydonlarini geologik o‘rganish ulushini 15 foizga oshirishni nazarda tutsin;

b) bir oy muddatda noruda foydali qazilma boyliklar mavjud yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi bo‘yicha litsenziyalar berish tartibini murojaatchilar zarur malakali mutaxassislarga ega bo‘lishi haqidagi majburiy litsenziya talabini joriy etgan holda yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

v) bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi (keyingi o‘rinlarda – Uyushma) bilan birgalikda quyidagilarni o‘z ichiga olgan qo‘shma chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin:

mineral xomashyoni geologik o‘rganish, qazib olish va qayta ishlashda yer qa’ridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishni, sanoat va tajriba-sanoat shaklda qazish uchun berilgan konlarda konchilik ishlarini marksheyderlik va geologik ta’minlash;

foydali qazilma boyliklarining selektiv tanloviga, foydali qazilma boyliklari joylashgan maydonlarda asossiz va o‘zboshimchalik bilan qurilmalar qurilishiga yo‘l qo‘ymaslikka alohida ahamiyat qaratgan holda yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq litsenziya talablarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish;

mineral xomashyoni qazib olish va qayta ishlashda foydali qazilma boyliklarining me’yordan ortiq yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yilganligi holatlarini aniqlash;

huquqbuzarliklar profilaktikasi va ularning oldini olish, shu jumladan, aniqlangan huquqbuzarliklar va ularning oqibatlari to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilib borish orqali.

4. 2019 yil 1 iyuldan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning eksport qilinayotgan mahsulotini sertifikatlashtirish bo‘yicha xarajatlari “O‘zstandart” agentligining asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Eksportni rivojlantirish agentligi tomonidan qoplanadi;

b) tadbirkorlik sub’ektlarining soliqqa tortish bazasi besh yil davomida teng ulushlarda noruda foydali qazilma boyliklari konlarini o‘zlashtirish uchun zarur bo‘ladigan muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini qurish xarajatlari miqdoriga, biroq O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Transport vazirligi tomonidan belgilanadigan normativlarga muvofiq hisoblanadigan summadan ortiq bo‘lmagan miqdorga kamaytiriladi;

v) tegishli sinovlardan o‘tgan va belgilangan tartibda muvofiqlik sertifikati berilgan qurilish materiallari qurilish ishlarida qo‘llanilishi mumkin;

g) texnogen mineral hosilalarning turi yoki ko‘rinishi, ularning miqdor va sifat ko‘rsatkichlari hamda ularni saqlashning kon-texnikaviy shart-sharoitlarini tavsiflovchi ma’lumotlar tadbirkorlik sub’ektlariga ularning so‘roviga asosan bepul taqdim etiladi;

d) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:

kredit summasidan qat’i nazar qurilish materiallari sanoati sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 2022 yil 1 iyulga qadar jalb qilinadigan tijorat banklarining milliy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshgan miqdorida, biroq 10 foizlik punktdan oshmagan miqdorda, shuningdek, xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 40 foizi miqdorida, biroq 4 foizlik punktdan oshmagan miqdorda qoplanadi;

qurilish materiallari sanoati sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 2022 yil 1 iyulga qadar jalb qilinadigan tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 8 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafilliklar beriladi.

5. 2021 yil 1 yanvarga qadar olib kelinayotgan xomashyo 5-ilovadagi ro‘yxatga muvofiq bojxona bojlarini to‘lashdan ozod etilsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va Uyushmaning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) qurilish materiallari sanoati sohasidagi loyihalarni birgalikda moliyalashtirish uchun 2019-2021 yillarda xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy banklarning 500 million AQSH dollaridan kam bo‘lmagan miqdordagi uzoq muddatli imtiyozli kredit liniyalarini (keyingi o‘rinlarda – kredit liniyalari) jalb qilish va foydalanish;

b) kredit liniyalari hisobiga qurilish materiallari sanoati sohasidagi loyihalarni moliyalashtirishning quyidagi mexanizmini joriy etish:

kredit liniyalari mablag‘lari birinchi navbatda Ro‘yxatga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi;

loyihalar import orqali keltiriladigan asbob-uskunalar, xomashyo, materiallar va butlovchi qismlarning qiymati miqdorida, biroq loyiha bo‘yicha umumiy kapital xarajatlarning 70 foizidan oshmagan miqdorda moliyalashtiriladi;

Ro‘yxatga kiritilgan loyihalarni kredit liniyalari mablag‘laridan moliyalashtirish hajmlarini ko‘zda tutilgan limitlardan oshirish hamda Ro‘yxatga kiritilmagan loyihalarni moliyalashtirish tijorat banki tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va Uyushma bilan birgalikda ikki oy muddatda loyihani amalga oshirishning aniq mexanizmlari va muddatlari, shuningdek, loyiha tashabbuskorlari va mas’ul ijrochilarini ko‘zda tutgan holda har bir loyiha kesimida kredit liniyalari mablag‘larini jalb qilish va o‘zlashtirish bo‘yicha tarmoq jadvallarini tasdiqlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining energiya tejamkorlik mezonlariga muvofiq kelmaydigan qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarni 2021 yil 1 yanvarga qadar ko‘mirdan va tabiiy gazga muqobil bo‘lgan boshqa yoqilg‘i turlaridan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Uyushma bilan birgalikda:

ikki hafta muddatda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini nazarda tutgan holda sement ishlab chiqaruvchilar, g‘isht zavodlari, so‘ndirilgan ohak ishlab chiqaruvchi sexlarning energiya tejamkorligini, shu jumladan, ko‘mirdan va tabiiy gazga muqobil bo‘lgan boshqa yoqilg‘i turlaridan foydalanishga o‘tkazish orqali bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlasin;

2019 yil 1 sentyabrga qadar energiya tejamkorlik mezonlariga muvofiq keluvchi asbob-uskunalar va texnologiyalarni tasniflovchi koeffitsiyentlar, me’yorlar va mezonlar ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini ta’minlasin;

har yili 1 noyabrga qadar korxonalarni xatlovdan o‘tkazishni va tabiiy gaz sarfining shartli me’yorlari energiya tejamkorlik mezonlariga muvofiq keluvchi korxonalar ro‘yxatining tasdiqlanishini ta’minlasin;

qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarni ko‘mirdan va tabiiy gazga muqobil bo‘lgan boshqa yoqilg‘i turlaridan foydalanishga o‘tkazishda atrof-muhitga yetkaziladigan zararni minimallashtirish bo‘yicha ekologik talablarga amal qilinishini ta’minlasin;

tadbirkorlik sub’ektlari uchun mamlakatda qazib olinadigan ko‘mirning prognoz hajmlari va sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi yillar va hududlar kesimidagi ma’lumotlardan erkin foydalanish imkoniyatini ta’minlansin.

9. Quyidagilar:

2021 yilning 31 dekabriga qadar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash orqali qabul qilinadigan qurilish materiallari sohasidagi xalqaro standartlar ro‘yxati 6-ilovaga muvofiq;

2019 yilda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining qurilish me’yorlari va qoidalari ro‘yxati 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

“O‘zstandart” agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi 6 va 7-ilovalarda nazarda tutilgan me’yoriy hujjatlarning o‘z vaqtida qayta ko‘rib chiqilishi va qabul qilinishini ta’minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 6 va 7-ilovalarda nazarda tutilgan me’yoriy hujjatlarning qayta ko‘rib chiqilishi va qabul qilinishining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan o‘z vaqtida moliyalashtirilishini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda – Chora-tadbirlar dasturi) 8-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligining asoslantirilgan buyurtmanomalariga asosan Chora-tadbirlar dasturini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan zarur mablag‘larning ajratilishini ta’minlasin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qurilish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “O‘zstandart” agentligi va Uyushmaning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) quyidagilar uchun mas’ul bo‘lgan “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisining ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimini kiritish:

qurilish materiallari sanoatini innovatsion rivojlantirish, talab yuqori bo‘lgan sifatli mahsulot turlarini kengaytirish, shuningdek, tarmoqning eksport salohiyatini oshirishga doir ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish;

innovatsiyalar uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish ishlarini tashkillashtirish, ishlab chiqilgan texnologiyalarning tajriba-sanoat sinovlarini olib borish, yangi turdagi qurilish materiallarining sinov partiyasini ishlab chiqarish va ularni seriyali ishlab chiqarishga qo‘yish bo‘yicha tayyorgarlik tadbirlarini amalga oshirish ishlarini muvofiqlashtirish;

ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar natijalarini yuqori qo‘shilgan qiymatli qurilish materiallari ishlab chiqarishga joriy etilishini ta’minlash hamda ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish;

b) “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi qoshida quyidagilar uchun mas’ul bo‘lgan Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengashini (keyingi o‘rinlarda – Ilmiy-texnikaviy kengash) tuzish:

zamonaviy innovatsion ishlanmalarni hisobga olgan holda qurilish me’yorlari va qoidalarini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish, yangi turdagi energiya tejamkor va ekologik jihatdan xavfsiz qurilish materiallarning tezkorlik bilan amaliyotga joriy etilishi va qo‘llanilishini ta’minlash;

yuqori qo‘shilgan qiymatli yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarishga qaratilgan ilmiy-texnikaviy, tajriba-konstruktorlik, innovatsion va startap-loyihalarni ko‘rib chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va ularni saralab olish bo‘yicha ilmiy asoslangan xulosalar ishlab chiqish;

qurilish materiallari sanoatiga innovatsiyalarni joriy qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar va texnologik jarayonlarni har tomonlama o‘rganish;

yuqori tijorat salohiyatiga ega va ro‘yobga chiqarishga tayyor bo‘lgan istiqbolli startap-loyihalarni tanlash hamda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

mamlakatimizning ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy va innovatsion salohiyatidan keng foydalanish orqali yangi turdagi yuqori samarador qurilish materiallarini yaratishga qaratilgan maqsadli dasturlarni shakllantirish.

12. Belgilansinki:

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisining ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Uyushma ta’sischilarining qaroriga muvofiq saylanadi;

innovatsion rivojlanish vaziri lavozimi bo‘yicha Ilmiy-texnikaviy kengashning raisi hisoblanadi;

Ilmiy-texnikaviy kengash tarkibi O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri, qurilish vaziri, “O‘zstandart” agentligi bosh direktori va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi raisining qo‘shma qarori bilan shakllantiriladi;

Ilmiy-texnikaviy kengashning qurilish me’yorlari va qoidalarini takomillashtirish, innovatsion ishlanmalarni hamda yangi turdagi energiya tejamkor va ekologik jihatdan xavfsiz qurilish materiallarini joriy qilishga doir takliflari qurilish tarmog‘ini texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish uchun asos bo‘ladi.

13. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bir oy muddatda:

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Jizzax politexnika instituti va Farg‘ona politexnika institutida “Qurilish materiallari, buyumlari va qurilmalarini ishlab chiqarish texnologiyalari”, “Yig‘ma temirbeton, beton qurilmalar va buyumlarni ishlab chiqarish”, “Materialshunoslik va yangi turdagi qurilish materiallari texnologiyasi (turlari bo‘yicha)”, “Devorbop va pardozbop qurilish materiallari texnologiyasi” ta’lim yo‘nalishlarida kunduzgi va sirtqi o‘quv shakllari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni tashkillashtirish choralarini ko‘rsin;

Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Jizzax politexnika instituti va Farg‘ona politexnika institutiga ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 2019/2020 o‘quv yiliga qabul kvotalari yuzasidan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Belgilansinki:

texnika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishgan holda vazirlik, idoralar va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar (ish beruvchilar)ning ehtiyojlaridan kelib chiqib, qurilish materiallari sanoati sohasidagi ta’lim yo‘nalishlarida sirtqi o‘quv shakli bo‘yicha to‘lov-shartnoma asosida talabalarni o‘qitishni tashkil etish huquqiga ega;

qurilish materiallari sanoati sohasidagi ta’lim yo‘nalishlarida sirtqi o‘quv shakli bo‘yicha talabalarni o‘qishga qabul qilish qurilish materiallari sanoati sohasidagi korxonalarda ishlayotganlar orasidan ish beruvchilarning tavsiyanomasiga va o‘tkazilgan suhbat natijalariga asosan amalga oshiriladi;

Uyushma, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qurilish materiallari sanoati korxonalarini talabalarning amaliy mashg‘ulotlari, o‘quv-tanishtiruv va diplomoldi amaliyotlarini o‘tkazish uchun jalb qilishga mas’ul hisoblanadi.

14. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:

Uyushma bilan birgalikda bir oy muddatda yetakchi xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda qurilish materiallari ishlab chiqarishda foydalaniladigan ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha malaka va ko‘nikmalarni oshirish markazlarini tashkil etishga doir takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda uch oy muddatda qurilish materiallarining tannarxini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhni tashkil etgan holda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning xarajatlarini optimallashtirish bo‘yicha takliflar kiritsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi manfaatdor idoralar bilan birgalikda, shu jumladan, mahsulotlarning birja savdolariga qo‘yilishi va sotilishida shaffoflikni ta’minlash va narxlar bo‘yicha kunlik monitoring olib borish yo‘li bilan qurilish materiallari narxlarining asossiz ravishda oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rsin.

16. Uyushma, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:

qurilish materiallarining ko‘rgazmali namunalari va respublikada mavjud bo‘lgan noruda xomashyosi resurslari, ilg‘or texnologiyalar, uskunalar hamda mahalliy va xorijiy tarmoq ilm-fanining yutuqlari to‘g‘risidagi muntazam yangilanib turiluvchi ma’lumotlar bazasini o‘z ichiga olgan doimiy faoliyat yurituvchi ko‘rgazma tashkil etish;

“Kvars” AJning 2018 yil yakuni bo‘yicha sof foydasining bir qismini va o‘tgan yillardagi taqsimlanmagan foydasini kapitalizatsiya qilish va mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 sentyabrdagi “Kvars” AJda listlangan oyna ishlab chiqariladigan yangi float-liniyasini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi F-5374-son farmoyishiga muvofiq amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasini moliyalashtirishga maqsadli yo‘naltirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bir oy muddatda Uyushmaga Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Tafakkur ko‘chasi, 68-A uy manzilida joylashgan ma’muriy binoning davlat mulki sifatida bepul foydalanish huquqi asosida berilishini ta’minlasin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 9-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

19. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari G.K.Saidova va O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri B.A.Xodjayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 23 may


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori

Baholaganlar

9

Reyting

3.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing