Har bir oilaga 10 000 liradan tarqatiladi. Erdo‘g‘an zilzila markaziga bordi
Olam
−
08 fevral 2023
13778Turkiyaning o‘n viloyatida sodir bo‘lgan zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat barcha vositalar va imkoniyatlarni ishga soldi. Bu haqda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 8 fevral kuni Qahramonmarash shahrida ma’lum qildi.
Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, epimarkazi Qahramonmarash viloyati bo‘lgan ikki zilzila qurbonlari soni, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 8574 kishiga yetgan, yana 49133 kishi jarohat olgan. 6444 ta turar-joy binosi vayron bo‘lgan.
Turkiya Prezidenti epimarkazi Qahramonmarashda bo‘lgan ikki zilziladan jabr ko‘rgan oilalarning har biriga davlatdan 10 ming lira (taqriban 530 AQSH dollari) dan yordam olishini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy ofat zonasi aholisi, agar xohlasa, Antaliya, Alaniya va Mersindagi mehmonxonalarda qolishi mumkin.
Prezident zilziladan jabr ko‘rgan 10 ta viloyat aholisini boshqa ofatlar hududida bo‘lgani kabi bir yil ichida ham yangi kvartiralar bilan ta’minlashni maqsad qilganini aytdi.
Erdo‘g‘an vatandoshlarini falokatga qarshi birdamlik va hamjihatlikka chaqirdi.
Davlat rahbari fuqarolar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari provokatsiyalarga berilmasliklari va faqat Turkiya hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlar departamenti (AFAD) tomonidan beriladigan rasmiy ma’lumotlarga ishonishlarini kerakligini aytdi.
LiveBarchasi