Qur’oni Karimni tahqirlashga hech kimning haqqi yo‘q – O‘MI

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoq sahifalarida Islom dinining ilohiy manbasi va eng muqaddas kitobi – Qur’oni Karimga nisbatan hurmatsizlik aks etgan videolavha tarqaldi hamda keskin bahs-munozara va noroziliklarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy munosabat bildirdi.

“Ma’lumki, Alloh taolo Qur’oni Karimni insoniyatga hidoyat va ezgulik manbai o‘laroq nozil qilgan. Shu nuqtai nazardan, qolaversa, qonunchilikka ko‘ra, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar muayyan din vakilining diniy tuyg‘ulari, qadriyatlari hurmat qilinishi shart, ularning tahqirlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ota-bobolarimiz qadim-qadimdan Qur’oni karimni ko‘ksilaridan pastda tutmaganlar, joynamozlarini ham doimo baland joyga qo‘yganlar. Masjid atrofidan ohistalik bilan o‘tganlar. Azon aytilayotganda behuda so‘z aytmaganlar. Ana shu jihatlardan kelib chiqqanda, tarqalgan videolavhadagi holat yurtimiz mo‘min-musulmonlarining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi”, deyiladi idora bayonotida.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni Karimni oyoq osti qilish holatini qattiq qoralashini hamda bu noinsoniy harakat hech qaysi diniy ta’limotga ham, aqlga ham, umuman olganda, insoniylik tamoyiliga ham to‘g‘ri kelmasligini bildirgan.

“Kezi kelganda, mo‘min-musulmon yurtdoshlarimizga bunday manfur xatti-harakatlarga nisbatan tajovuzkorona emas, balki aqlni ishlatib munosabat bildirish lozim ekanini ta’kidlaymiz. Chunki, qonun hujjatlariga muvofiq milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy sha’n-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, fuqarolarning his-tuyg‘ularini haqoratlashga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar javobgarlikka asos bo‘ladi. Shunday ekan, bu fuqaroning qilmishi ham, albatta, qonuniy asosda ko‘rib chiqiladi.

O‘z navbatida, Qur’oni karimni tahqirlagan mazkur fuqaroning shaxsini aniqlash bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan amaliy sa’y-harakatlar olib borilayotgani hamda konstitutsiya va qonun hujjatlariga zid ravishda diniy adovat chiqarishga yo‘naltirilgan xatti-harakatlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini ta’kidlaymiz”, deyilad Musulmonlar idorasi munosabatida.


Maqola muallifi

Teglar

Musulmonlar idorasi Qur'oni Karim

Baholaganlar

490

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing