Qunduz boy berildi. “Tolibon” yana uch viloyat markazini egalladi

Olam

image

“Tolibon” harakati Afg‘oniston shimolidagi Qunduz shahrini egalab oldi. Bu haqda kecha, 8 avgust kuni CNN telekanali xabar qildi.

375 ming aholi yashaydigan Qunduz joriy yilning may oyida hujum boshlaganidan buyon toliblar qo‘liga o‘tgan birinchi yirik shahar. Shahar strategik tomondan muhim ahamiyatga ega. Uni Afg‘onistonning shimoliy viloyatlari va Markaziy Osiyo “darvozasi” deb atashadi. Shahar Tojikiston bilan chegaradosh.

“Bu Afg‘oniston hukumati uchun ulkan zarba”, degan telekanal.

Qunduz kengashi deputati Amruddin Valining ma’lum qilishicha, viloyat markazi ikki kunlik to‘qnashuvlardan keyin toliblar nazoratiga o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, politsiyaning ma’muriy binosi ham toliblar qo‘liga o‘tgan. Xavfsizlik kuchlari va mahalliy hukumat Qunduz aeroportiga chekingan.

“Tolibon” jangarilari Qunduzni egallab, qamoqxonadagi mahkumlarni ozod qilgan.

Shuningdek, kecha toliblar Sari-Pul provinsiyasi markazini hamda Afg‘oniston shimoli-sharqidagi Taxor viloyati ma’muriy markazi Talukan shahrini ham egallagan.

Avvalroq "Tolibon" harakati Afg‘oniston janubi-g‘arbidagi Nimro‘z viloyati markazi Zaranj shahrini egallab olgani haqida xabar bergan edik. Shuningdek, jangarilar shimoldagi Juzjon viloyati markazi shibirg‘on shahriga bostirib kirgandi.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

122

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing