Qo‘lidagi bomba parchasi ekanini bilmasdi – Anjelina Joli Ukrainaga safari haqida gapirib berdi
Olam
−
05 may 2022
9896Gollivud aktrisasi va BMTning yaxshi niyat elchisi Anjelina Joli Lvovga qilgan safari taassuroti to‘g‘risida Instagram sahifasida yozib qoldirdi.
“Bir necha kun oldin Lvovda bo‘lganimda, menga kichkina qiz tomonidan topilgan “maxsus tosh”ni ko‘rsatishdi. Buni topib olgan qizcha o‘zi o‘ynayotgan tosh aslida bomba parchasi ekanligini tushunmagan. U notekis va kutilganidan ham og‘irroq. Uning yorqinligi va g‘ayrioddiy ko‘rinishi bolaning e’tiborini jalb qilgan bo‘lishi kerak”, deb yozadi Joli.
Joli Kramatorskdagi temir yo‘l vokzaliga raketa hujumi oqibatida jabrlangan bolalar haqida gapirgan.
“Men uchrashgan va Kramatorsk vokzalidagi hujumda omon qolgan bolalarning ko‘pchiligidan bo‘laklar yaqinda olib tashlangan. Bu qiyin va og‘riqli jarayon. Hayotiy organlarga yaqin bo‘laklarni olib tashlash juda xavfli edi va ba’zi hollarda ular ichkarida qolib ketdi”, deydi u.
Joliga ko‘ra, urushni tugatish uchun kurash “o‘lganlar, yaradorlar, ko‘chirilganlar va jarohatlanganlar sonini cheklash uchun kunlik poygadir”.
Ma’lumot uchun, BMTning yaxshi niyat elchisi Anjelina Joli joriy yil may oyi boshida Ukrainaga tashrif buyurdi. U Lvov viloyatidagi Lvov va Borislav shaharlarida bo‘lib, u yerda Lugansk viloyatidan evakuatsiya qilingan bolalarni, shuningdek, Rossiya o‘qlaridan yaralangan bolalar davolanayotgan shifoxonani borib ko‘rdi. Aktrisaning Lvovga tashrifi chog‘ida havo hujumi haqida signal eshitilgan. U va uning jamoasi boshpana tomon shoshilishga majbur bo‘lgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2 may holatiga Ukrainada Rossiya harbiy bosqinining boshlanishidan buyon 3153 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, yana 3316 nafari yaralangan. Halok bo‘lganlar orasida 226 nafar bola bor.
LiveBarchasi