Qo‘lga olingan namoyishchilarni o‘ldirmaymiz – Aroqchi

Olam

image

Eron hukumati norozilik namoyishi ishtirokchilarini osib qatl etishni rejalashtirmayapti va bunday ssenariy hatto ko‘rib ham chiqilmaydi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vazirning ta’kidlashicha, bunday mish-mishlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

“Osib qatl etish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Bu – dezinformatsiya kampaniyasining bir qismi bo‘lib, uning maqsadi AQSH Prezidenti Donald Trampni vaziyatga aralashishga undashdir. Bunday aralashuv esa halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin”, degan Aroqchi. 

Shu tariqa, Eron TIV rahbari mamlakat rasmiylarining namoyishchilarga nisbatan o‘lim jazosi qo‘llash niyati borligini qat’iyan rad etgan.

Vazirning ta’kidlashicha, Eronda bir necha kundan beri namoyishlar o‘tkazilmayapti va mamlakatdagi tartibsizliklar yakunlangan. U hukumat vaziyatni to‘liq nazorat ostiga olganini ham qo‘shimcha qilgan.

Qayd etish joiz, avvalroq Tehron prokurori Ali Solihiy jamoat va davlat mulkiga zarar yetkazgan aksiyalar ishtirokchilariga nisbatan o‘lim jazosi qo‘llanishi mumkinligini ilgari ma’lum qilgan edi.

Ma’lumot uchun, Eron hududida ommaviy norozilik namoyishlari o‘tgan yilning 28 dekabridan beri davom etmoqda. Dastlab ular og‘ir iqtisodiy vaziyat va milliy valyuta kursining keskin pasayishi sababli boshlangan, biroq tez orada siyosiy mazmun ham kasb etgan.

Nizolar fonida Qo‘shma Shtatlar o‘z fuqarolarini Eronni zudlik bilan tark etishga chaqirgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda davom etayotgan norozilik namoyishlari oqibatida kamida 12 ming kishi, katta ehtimol bilan undan ham ko‘proq odam halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. So‘nggi besh kun davomida Eron hukumati mamlakatda internet va telefon aloqasini uzib qo‘ygani sababli aniq ma’lumotlar olishni umuman iloji bo‘lmayapti. Erondagi ichki manba chet elga qo‘ng‘iroq qilishga muvaffaq bo‘lib, halok bo‘lganlar soni kamida 12 ming, ehtimol 20 minggacha yetgani haqida ochiqlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Abbos Aroqchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing