Eron namoyishchilarni o‘lim jazosi bilan qo‘rqitdi
Olam
−
10 yanvar 3475 2 daqiqa
Erondagi norozilik namoyishlarida ishtirok etayotgan ayrim shaxslarga nisbatan qat’iy choralar, shu jumladan o‘lim jazosi ham qo‘llanilishi mumkin. Bu haqda Tehron prokurori Ali Solihiy ma’lum qildi.
Solihiyning aytishicha, jamoat va davlat mulkiga zarar yetkazgan, shuningdek huquq-tartibot va xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlarga kirishgan namoyishchilarga o‘lim jazosi qo‘llanishi mumkin.
Uning ta’kidlashicha, sud tizimi uchun eng muhim masala – mamlakat fuqarolarining xavfsizligi hisoblanadi. Solihiy terrorchilik harakatlarida ayblangan shaxslarga nisbatan “davlatga qarshi urush” moddasi qo‘llanilishi, Eron qonunchiligiga ko‘ra, bu jinoyatni sodir etganlar o‘lim jazosiga mahkum qilinishini alohida urg‘ulagan.
Ma’lumot uchun, mamlakatda ommaviy namoyishlar 28 dekabrdan buyon davom etmoqda. Ular Tehrondagi markaziy bozorda boshlangan bo‘lib, ko‘plab do‘kon egalari giperinflyatsiya va narxlarning keskin oshishiga norozilik sifatida savdo shoxobchalarini yopgan.
29 dekabr kuni Eron milliy valyutasi – riyal tarixiy minimum darajaga tushdi: bir riyal taxminan 0,00002 yevroga teng bo‘ldi. Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, oktyabr oyida Eronda oziq-ovqat inflyatsiyasi 64,2 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatni antireytingda faqat Janubiy Sudan ortda qoldirgan.
Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi tartibsizliklarni AQSH va Isroil tomonidan uyushtirilgan, deya baholagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 yanvar kuni Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSH Prezidenti Donald Trampni ogohlantirgandi va u baribir qulatilishini aytgandi. U nutqida Erondagi norozilik namoyishlari haqida gapirib, mamlakatni beqarorlashtirishga urinayotgan kuchlar xorijdan qo‘llab-quvvatlanayotganini bildirgan.
Live
Barchasi