Qo‘qonlik tabib ishi bo‘yicha sud qarori o‘zgarishsiz qoldi

3-sahifa

image

Avvalroq, farg‘onalik tabib Iqbol Soliyevning O‘zbekiston Xalq tabobati assotsiatsiyasi tomonidan berilgan guvohnoma muddati tugaganiga qaramay, noqonuniy faoliyat yuritib kelayotgani aniqlangani va sud qarori bilan unga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgani haqida xabar berilgan edi. Farg‘ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining joriy yil 20 dekabr kungi qarori bilan Iqbol Soliyevni 10 sutkaga qamash haqidagi sud qarori o‘zgarishsiz qoldirildi. Bu haqda advokat Behzodbek G‘aniyev o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, huquqbuzar Iqbol Soliyevning advokati bilan birgalikda keltirgan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmagan. Shikoyatda huquqbuzarlik sodir etilmagani haqida vajlar keltirilib, ishni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasining (Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlar) 1-qismi tartibida tugatish so‘ralgan.

Apellyatsiya instansiyasi qaroriga ko‘ra, xalq tabobati usulida tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun litsenziya talab qilinadi, Iqbol Soliyevning Xalq tabobati a’zosi ekani haqidagi guvohnomasi litsenziya hisoblanmaydi, O‘zbekiston Xalq tabobati assotsiatsiyasi mazkur faoliyat bo‘yicha litsenziya berishga vakolatli organ emas, ushbu guvohnoma Iqbol Soliyevga xalq tabobati usulida tibbiy xizmat ko‘rsatish huquqini bermaydi.  

Uning shikoyatida keltirilishicha, ijtimoiy tarmoqlarga videokontentlarni o‘zi emas, boshqalar joylagan. Biroq You tube videohostingi va Telegram messendjeridagi “Bionur soxibi” nomli kanallardagi hamda Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi “ikbol.saliyev” nomli profilga uning faoliyati yuzasidan videotasvirlar joylangani, Iqbol Soliyev ushbu kanallar va profilda o‘z murojaatlarini e’lon qilgani, aloqa uchun o‘z abonent raqamlarini qoldirgani uchun uning shikoyati rad qilingan. Bular Iqbol Soliyevning videomateriallarni internet orqali e’lon qilishda ishtirok etganini tasdiqlaydi.

Onlayn kuzatuvga ko‘ra, apellyatsiya instansiyasining joriy yil 20 dekabr kungi qaroriga nisbatan hozircha taftish tartibida shikoyat keltirilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Qo'qonlik tabib Iqbol Soliev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing