Qo‘qonlik tabib qamoqdan chiqib, barcha ayblovlarni rad etdi (video)

Jamiyat

image

Avvalroq, qo‘qonlik tabib Iqboljon Soliyevning O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi tomonidan berilgan guvohnomasi muddati tugaganiga qaramay, noqonuniy faoliyat yuritib kelayotgani aniqlangani sababli sud qarori bilan unga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan edi. Kuni kecha tabib ozodlikka chiqib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali o‘zi haqida tarqalgan ma’lumotlar yuzasidan raddiya bildirdi. 

Tabib 2024 yildan beri hujjatsiz faoliyat olib borgani haqidagi xabarlarga to‘xtalib, bu ma’lumotlar mutlaqo yolg‘on ekanini bildirdi. U O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi tomonidan Ro‘zimuhammad Xonnazarov imzosi bilan 2025 yilgacha berilgan guvohnomani, Qozog‘iston sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan taqdim etilgan hujjatni, shuningdek, tabiblik faoliyati uchun ruxsat beruvchi xalqaro sertifikatni taqdim qildi.

“Bundan tashqari, menga tabobat assotsiatsiyasi tomonidan muddatsiz guvohnoma ham berilgan. Unda sana ko‘rsatilmaydi”, deydi u.

Shuningdek, tabibning yuristi Abdullajon Jo‘rayev ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan ayrim axborotlar “noto‘g‘ri va asossiz” ekanini bildirib, tabibning guvohnomasi muddati o‘tmaganini ta’kidladi.

Yurist Iqbol Soliyevga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-5-moddasi talablari buzilgani haqidagi e’tirozlarga ham izoh berib, tabib faoliyatini ommaviy targ‘ibot sifatida baholash noto‘g‘ri ekanini, axborot tarqatish esa amaldagi qonunchilikda belgilangan huquqlar doirasida amalga oshirilganini bildirdi.

Qolaversa, Iqboljon Soliyev tabiblarga litsenziya talab etilmasligini, tabobat avloddan avlodga o‘tib kelayotgan kasb ekanini, tabobat ming yillik tarixga ega bo‘lib, zamonaviy tibbiyot esa nisbatan yangiroq ekanini qayd etdi. Shuningdek, tabiblarni maxsus tayyorlaydigan muassasa mavjud emasligini bildirdi.

“Bizga o‘qishingiz kerak, deyishyapti. Tabiblarni o‘qitadigan odam bormi o‘zi? Bizning ota-bobolarimiz shu ish bilan shug‘ullangan, biz ham ularning yo‘lidan ketyapmiz”, deydi u.

Ma’lumot uchun, Iqboljon Soliyev 2025 yil 10 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi qaroriga muvofiq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-5-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida ma’muriy jarima solingan.


Maqola muallifi

Teglar

qamoq Qo'qonlik tabib Iqboljon Soliev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing