“Qo‘qon holvasi” patentlandi

Jamiyat

image

Farg‘ona viloyatining mashhur shirinliklaridan biri “Qo‘qon holvasi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur ro‘yxatga olish orqali mahsulotning nomi, an’anaviy tayyorlash usuli hamda o‘ziga xos xususiyatlari huquqiy himoyaga olingan.

Qadimdan Qo‘qon shahri hunarmandchilik va milliy qandolatchilik rivojlangan hududlardan biri bo‘lgan. Shu zaminda shakllangan Qo‘qon holvasi o‘zining ta’mi, tayyorlanish texnologiyasi va sifati bilan yillar davomida mashhur bo‘lib kelgan.

Bildirilishicha, mahsulotga geografik ko‘rsatkich maqomining berilishi uning asl nomidan noqonuniy foydalanishning oldini olish, an’anaviy tayyorlash usullarini saqlab qolish hamda mahalliy brendni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, bu Farg‘ona viloyatining gastronomik merosini asrash va Qo‘qon holvasini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich mahsulotning muayyan hudud bilan bog‘liqligini hamda uning sifati va obro‘-e’tibori aynan shu hududning tabiiy va ijtimoiy omillari bilan chambarchas bog‘liq ekanini tasdiqlovchi intellektual mulk ob’ekti hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Andijon devzira oshi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing