“Andijon devzira oshi” ham patentlandi
Jamiyat
−
14:55 2071 2 daqiqa
“Andijon devzira oshi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Intellektual mulk agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Andijon devzira oshi” asrlar davomida shakllangan oshpazlik an’analari, o‘ziga xos tayyorlanish usuli va noyob ta’mi bilan ajralib turadigan milliy taom hisoblanadi. Ushbu osh turi asosan Farg‘ona vodiysida yetishtiriladigan mashhur devzira guruchi asosida tayyorlanadi.
Ta’kidlanishicha, devzira guruchi qizg‘ish tusli, zich va sifatli donalari bilan ajralib turadi hamda oshga o‘ziga xos ta’m, xushbo‘ylik va dona-dona ko‘rinish bag‘ishlaydi.
Agentlikka ko‘ra, geografik ko‘rsatkich maqomining berilishi “Andijon devzira oshi” nomi va uning an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qilish, mahsulotning o‘ziga xosligini saqlash hamda sifat kafolatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur maqom Andijon viloyatining gastronomik salohiyatini namoyon etish, milliy brendlarni rivojlantirish, turizmni qo‘llab-quvvatlash va o‘zbek oshpazlik madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich mahsulotning muayyan hudud bilan bog‘liqligini hamda uning sifati va obro‘-e’tibori aynan shu hududning tabiiy va ijtimoiy omillari bilan chambarchas bog‘liq ekanini tasdiqlovchi intellektual mulk ob’ekti hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatiga xos bo‘lgan “Sofi oshi” milliy taomi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi. Shuningdek, “G‘ijduvon shashlik”, “G‘uzor tandir go‘shti”, “Samarqand noni”, “Xorazm tuxumbaragi”, “Andijon do‘ppisi”, “So‘qoq somsasi”, “Samarqand no‘xat sho‘ragi”, “Samarqand qog‘ozi”, “Zomin qozon patiri” hamda “Baliq qarma” milliy taomi geografik ko‘rsatkich sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.
Live
Barchasi